Qashqadaryoda yangi «Patron» gazkondensat koni ishga tushirildi

eʼlon qilindi
Quduq 3,3 kilometrgacha burg‘ilangan
Qashqadaryoda yangi «Patron» gazkondensat koni ishga tushirildi
Foto: Energetika vazirligi

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida yangi «Patron» gazkondensat koni ochildi. Energetika vazirligiga ko‘ra, konning 1-sonli qidiruv qudug‘idan dastlab sutkasiga 500 ming kub metr tabiiy gaz olinmoqda.

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi tumanida gaz portlashi sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, videoda aks etgan holat portlash emas, balki Mirishkor tumanidagi yangi «Patron» konida qidiruv qudug‘ini sinovdan o‘tkazish jarayoni bo‘lgan.

Quduq 3,3 kilometrgacha burg‘ilangan

Foto: Energetika vazirligi

1-sonli qidiruv qudug‘ini burg‘ilash ishlari 2025-yilda Xitoyning BGP kompaniyasi o‘tkazgan 3D seysmik tadqiqotlar natijalari asosida boshlangan.

Burg‘ilash yakunlangach, 3296 – 3339 metr chuqurlikdagi qatlamlar mahsuldorlikka sinovdan o‘tkazilgan va sanoat miqyosida tabiiy gaz olingan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kon zaxirasi qariyb 2,5 mlrd kub metr tabiiy gazni tashkil etadi.

Videodagi olov texnologik jarayon ekani aytildi

Rasmiy izohda yangi quduqni sinash vaqtida gazni maxsus qurilma orqali yoqib ko‘rish odatiy texnologik jarayon ekani ta’kidlandi.

Bu jarayon quduqning mahsuldorligi, bosimi va ishlash parametrlarini aniqlash uchun amalga oshiriladi. Shu sabab videodagi olovni portlash yoki avariya sifatida talqin qilish noto‘g‘ri ekani bildirildi.

Quduq 2-sentabrda gaz quvuriga ulandi

Foto: Energetika vazirligi

«Patron» konidagi 1-sonli qidiruv qudug‘i 2026-yil 2-sentabr kuni soat 06:00 da gaz quvuriga ulanib, ishga tushirilgan.

Hozir «O‘zLITIneftgaz» AJ mutaxassislari tomonidan quduqning haqiqiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun gazodinamik va gazkondensat tadqiqotlari olib borilmoqda.

Ishga tushirish jarayoni neft-gaz sohasidagi mas’ul tashkilotlar ishtirokida, sanoat, yong‘in, mehnat va ekologik xavfsizlik talablariga rioya etgan holda amalga oshirilgani ma’lum qilindi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari ham jarayonni nazorat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekneftgaz» qish oldidan kunlik gaz qazib chiqarishni 2 mln kub metrga oshirgani ma’lum qilingandi.

Shuningdek