Qirg‘izistonda raqamli som 2027-yildan muomalaga kirishi mumkin

Qirg‘izistonda raqamli somni joriy etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlandi. Prezident Sadir Japarov Milliy bankka raqamli somning bazaviy platformasini ishlab chiqish va uni 2026-yil oxirigacha pilot rejimda sinovdan o‘tkazish topshirig‘ini berdi.
Raqamli som avval sinovdan o‘tkaziladi
Prezident huzuridagi Virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirish milliy kengashining yig‘ilishida raqamli som loyihasi muhokama qilindi.
Rejaga ko‘ra, raqamli somning bazaviy platformasi 2026-yil 31-dekabrgacha pilot tarzda sinovdan o‘tkaziladi. 2027-yildan esa raqamli valyutani real sharoitda sinash boshlanadi. Keyinchalik tizimni mamlakat miqyosida bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda.
Virtual aktivlar uchun yagona platforma yaratiladi
Yig‘ilishda virtual aktivlar sohasini litsenziyalash va davlat tomonidan nazorat qilishni elektron shaklga o‘tkazuvchi yagona onlayn platforma ham taqdim etildi.

Japarov ushbu platformani yaratish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Virtual aktivlar hamda blokcheyn texnologiyalari bo‘yicha milliy agentlikka bir oy ichida platformaning qiymati va uni moliyalashtirish manbalari bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.
Platformani pilot tarzda sinovdan o‘tkazish 2027-yil 1-yanvardan boshlanishi belgilangan.
Steyblkoin va soliq masalalari ham muhokama qilindi
Yig‘ilishda milliy valyutaga bog‘langan KGST steyblkoinini rivojlantirish istiqbollari, virtual aktivlarni soliqqa tortish tartibi, shuningdek, xalqaro sanksiyalar va cheklovlar bilan bog‘liq xavflar muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida tegishli davlat idoralariga virtual aktivlar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, soliq tartibotlarini qayta ko‘rib chiqish hamda sohadagi xavflarni boshqarish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan fevral oyida Qirg‘iziston sinov tariqasida raqamli somni muomalaga chiqarishi haqida yozgandi.