Rasman. Shakira Bishkekda konsert beradi

eʼlon qilindi
Shakiraning konserti noyabr oyida «Bishkek Arena»da tashkil etilishi rejalashtirilgan
Foto: Nbcnews

Kolumbiyalik mashhur xonanda Shakira 2026-yil noyabr oyida Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi yangi «Bishkek Arena» stadionida konsert beradi. Hozircha shouning aniq sanasi, chiptalar narxi va sotuv boshlanishi ma’lum qilinmagan. Bu haqda mamlakat prezidenti ishlar boshqaruvchisi Kanybek Tumanbayev ma’lum qildi.

Shakira noyabr oyida Bishkekda chiqish qiladi

Kanybekka ko‘ra, Shakiraning konserti noyabr oyida «Bishkek Arena»da tashkil etilishi rejalashtirilgan.

6-sentabr holatiga ko‘ra, konsertning aniq kuni va boshlanish vaqti e’lon qilinmagan. Shuningdek, tadbir Shakiraning Las Mujeres Ya No Lloran World Tour gastrol dasturining bir qismi bo‘ladimi yoki Bishkek uchun alohida shou tashkil etiladimi – hozircha noma’lum.

Chipta narxlari hozircha ma’lum emas

Konsert uchun chiptalar qachondan sotilishi va ularning narxi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilmagan.

Tomoshabinlar uchun fan-zona, tribunadagi o‘rinlar, sahnaga yaqin sektorlar yoki VIP-paketlar ham hozircha e’lon qilinmagan. Ushbu ma’lumotlar konsertning aniq sanasi va tomoshabinlar uchun joylashuv sxemasi tasdiqlangach ma’lum bo‘lishi kutilmoqda.

Shu sababli ijtimoiy tarmoqlar yoki boshqa platformalarda paydo bo‘layotgan aniq sana va chipta narxlari haqidagi xabarlarni rasmiy tasdiqlangan ma’lumot sifatida qabul qilishga hozircha asos yo‘q.

«Bishkek Arena» 51 ming tomoshabinni sig‘dira oladi

Shakira konsert berishi kutilayotgan «Bishkek Arena» yangi ko‘p funksiyali stadion bo‘lib, u taxminan 51 ming tomoshabinga mo‘ljallangan.

Majmua yirik sport musobaqalari bilan birga xalqaro madaniy va konsert tadbirlarini o‘tkazish uchun ham foydalanilishi rejalashtirilgan.

Stadionning rasmiy ochilishi 2026-yil 5-oktabrga rejalashtirilgan. Ochilish marosimida amerikalik xonanda Nikol Shersinger ham chiqish qilishi kutilmoqda.

Shakira konserti esa yangi arenadagi dastlabki yirik xalqaro musiqiy tadbirlardan biriga aylanishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shakira va Eminemning Olmaotadagi konserti narxlari ochiqlangani haqida yozgandi.

Shuningdek