Abduqodir Husanov haqida «Manchester Siti»ning qarori, Mirziyoyev Serbiyada orden bilan taqdirlandi — 8-sentabr kuni e’lon qilingan yangiliklar

Abduqodir Husanov haqida «Manchester Siti»ning qarori, Shavkat Mirziyoyev Serbiyada orden bilan taqdirlandi — 8-sentabr kuni e’lon qilingan yangiliklar «Kursiv» dayjestida.
Buyuk Britaniya G‘arbiy Sohildagi Isroil manzilgohlariga savdo taqiqi joriy qiladi

Buyuk Britaniya bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Isroil manzilgohlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar importini taqiqlashini ma’lum qildi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
London, shuningdek, manzilgohlar kengayishiga xizmat ko‘rsatayotgan ayrim kompaniya va shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy etishni rejalashtirmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Serbiyaning oliy ordeni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belgraddagi tadbirlar doirasida Serbiyaning oliy davlat mukofoti – Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mukofotni O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich topshirdi.
Eron urushi amerikaliklarga 100 mlrd dollarga tushdi

Eron urushi AQSh iste’molchilarining energiya xarajatlarini keskin oshirdi. Braun universitetining real vaqt rejimidagi hisob-kitoblariga ko‘ra, mojaro boshlanganidan buyon amerikaliklar benzin va dizel narxlarining ko‘tarilishi sabab qo‘shimcha $100 mlrd xarajat qilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu summa hozir ham tez o‘smoqda – qo‘shimcha xarajatlar qariyb har ikki daqiqada yana $1 mlnga ko‘paymoqda.
Fransiyadagi Renuar muzeyidan ikkita noyob kartina o‘g‘irlandi

Fransiyaning Lazur sohilidagi Kan-syur-Mer shahrida joylashgan Renuar muzeyiga o‘g‘rilar bostirib kirib, ikki kartinani olib ketdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Shahar meri Bryan Massonning ma’lum qilishicha, jinoyatchilar dastlab to‘rtta asarni o‘g‘irlashga uringan, biroq qochish vaqtida ulardan ikkitasini muzey bog‘ida tashlab ketgan.
504 turdagi mahsulot sifat talablariga javob bermagani aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi 2021 – 2025-yillar va 2026-yilning dastlabki yetti oyida qariyb 2,6 ming nomdagi iste’mol mahsulotini nazorat xaridi orqali tekshirdi. Shundan 504 nomdagi mahsulot belgilangan sifat va xavfsizlik talablariga javob bermagani aniqlandi.
Mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari va normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiqligi baholangan.
IIV akademiyasiga qabul qilish tartibi o‘zgaradi

O‘zbekistonda IIV Akademiyasiga qabul qilishdan tortib kursantlarni amaliyotga biriktirishgacha bo‘lgan jarayonlarda yangi mexanizmlar joriy etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
O‘zgarishlar 2026/2027-o‘quv yilidan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Akademiya faoliyatini rivojlantirishda dunyoning top-1000 taligiga kiruvchi universitetlar hamda «Yangi O‘zbekiston» universiteti tajribasidan foydalaniladi.
PISA 2025: O‘zbekiston tabiiy fanlar bo‘yicha 48-o‘rinni egalladi
O‘zbekistonlik 15 yoshli o‘quvchilar PISA 2025 xalqaro baholash dasturida tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egalladi. PISA 2022 bilan solishtirganda natija 83 ballga yaxshilandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
PISA 2025 natijalari OECD tomonidan Ta’lim forumi doirasida e’lon qilindi. O‘zbekiston mazkur xalqaro tadqiqotda ikkinchi marta qatnashdi.
O‘zbekiston va Serbiya strategik sherik bo‘ldi: 20 ta hujjat imzolandi

O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Belgradda o‘tkazilgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.
Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat hamkorligining iqtisodiyot, transport, energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa yo‘nalishlarini qamrab oluvchi 20 ta ikki tomonlama hujjat almashildi.