Ayol xodimlar chetlatilgach, Eyfel minorasida ish tashlash boshlandi

Parijdagi Eyfel minorasi 7-sentabr kuni xodimlarning ish tashlashi sababli tashrif buyuruvchilar uchun yopildi. Norozilikka minoraga tashrif buyurgan hinduiy diniy guruhning talabi ortidan ayol xodimlarning vaqtincha chetlatilgani sabab bo‘ldi.
Minorani boshqaruvchi SETE kompaniyasi keyinchalik bu qarorni xato deb tan oldi va tashrif tashkilotchilarining bunday sharti qabul qilinmasligi kerakligini ma’lum qildi.
Ayol xodimlar tashrif vaqtida chetlatilgan
Hodisa Bochasanwasi Akshar Purushottam Swaminarayan Sanstha (BAPS) diniy harakatiga mansub qariyb 100 nafar erkakning Eyfel minorasiga tashrifi vaqtida yuz bergan.
SETE ma’lumotiga ko‘ra, guruh tashrif davomida ayollar bilan muloqot imkon qadar cheklanishini so‘ragan. Natijada ayrim ayol xodimlar o‘z vazifalaridan vaqtincha chetlatilgan yoki boshqa xodimlar bilan almashtirilgan.
Bu qaror minora xodimlari orasida keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Ular bayonotida ayol xodimlarning «jinsi sababli chetga surilgani, almashtirilgani va ko‘rinmas holga keltirilgani»ni qoraladi.
Eyfel minorasi bir kun ishlamadi
Xodimlar norozilik sifatida ish tashlash e’lon qilgach, dushanba kuni Eyfel minorasining ochilishi kechiktirildi. Tashrif buyuruvchilarga kirish «operatsion sabablar» tufayli kechikayotgani haqida xabar berildi.
Keyinchalik minora butun kun davomida yopiq qolishi ma’lum bo‘ldi. Xodimlar vakiliga ko‘ra, Eyfel minorasi 8-sentabr kuni yana tashrif buyuruvchilar uchun ochilishi rejalashtirilgan.
Eyfel minorasiga yiliga qariyb 7 mln kishi tashrif buyuradi.
Parij meri hodisani «qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atadi
Parij meri Emmanuel Greguar yuz bergan voqeani keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tenglik Parijning tarixiy obidalari oldida ham, shaharning boshqa joylarida ham cheklanmasligi kerak.
SETE rahbari Ariel Veyl ham kompaniya tomonidan qabul qilingan qaror noto‘g‘ri bo‘lganini tan oldi.
«Bunday shartlar qabul qilinmasligi kerak edi», – deyiladi kompaniya bayonotida.
Ariel Veylning qayd etishicha, diniy sabablar jamoatchilikni qabul qilishda jins yoki boshqa diskriminatsion belgilar asosida farqlash uchun asos bo‘la olmaydi.
Avvalroq «Kursiv» o‘zbekistonliklar Fransiyaga ishga yuborilishi haqida yozgan edi.