Eron urushi amerikaliklarga 100 mlrd dollarga tushdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Qo‘shimcha xarajatlar qariyb har ikki daqiqada yana $1 mln ga ko‘paymoqda
Eron urushi amerikaliklarga 100 mlrd dollarga tushdi
Foto: Aïda Amer/Axios

Eron urushi AQSh iste’molchilarining energiya xarajatlarini keskin oshirdi. Braun universitetining real vaqt rejimidagi hisob-kitoblariga ko‘ra, mojaro boshlanganidan buyon amerikaliklar benzin va dizel narxlarining ko‘tarilishi sabab qo‘shimcha $100 mlrd xarajat qilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu summa hozir ham tez o‘smoqda – qo‘shimcha xarajatlar qariyb har ikki daqiqada yana $1 mln ga ko‘paymoqda.

Har bir oila o‘rtacha $760 ko‘proq sarfladi

Braun universiteti Watson maktabining Iran War Energy Cost Tracker ma’lumotlariga ko‘ra, 28-fevraldan beri AQShdagi o‘rtacha uy xo‘jaligi yoqilg‘i narxlarining oshishi hisobiga $760 dan ortiq qo‘shimcha xarajat qilgan.

Qo‘shimcha xarajatlarning asosiy qismi benzin hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq so‘nggi haftalarda dizel narxlarining oshishi tezlashgani sabab aynan ushbu yoqilg‘i turi iqtisodiyot uchun tobora katta bosimga aylanmoqda.

Dizel narxining oshishi nafaqat avtomobil egalari, balki yuk tashish, qishloq xo‘jaligi va sayohat xarajatlariga ham bevosita ta’sir qiladi.

Dizel narxi rekord darajaga chiqdi

AAA ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda dizel narxi juma kuni tarixiy maksimumga yetdi va keyingi kunlarda ham o‘sishda davom etdi.

Dushanba tongiga kelib bir gallon dizel narxi $5,90 ni tashkil qilgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan qariyb 60 foiz yuqori.

Dizel narxining bunday o‘sishi yuk tashish xarajatlarini oshirishi va natijada do‘konlardagi tovarlar narxiga ham ta’sir qilishi mumkin.

Eng katta xarajat Texas hissasiga to‘g‘ri keldi

Braun universiteti hisob-kitoblariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri eng katta qo‘shimcha yoqilg‘i xarajatini Texas aholisi ko‘targan.

Shtat iste’molchilari benzin va dizel uchun qariyb $11 mlrd qo‘shimcha to‘lagan. Keyingi o‘rinlarda Kaliforniya va Florida turibdi – mos ravishda qariyb $8 mlrd va $5 mlrd.

Bu farq shtatlardagi aholi soni, avtomobildan foydalanish darajasi va yoqilg‘i iste’moli hajmi bilan bog‘liq.

Energiya narxlari butun iqtisodiyotga ta’sir qilmoqda

Yoqilg‘ining qimmatlashuvi faqat avtomobil bakini to‘ldirish xarajati bilan cheklanmaydi. Dizel yuk mashinalari, qishloq xo‘jaligi texnikasi va logistika tizimida keng qo‘llanadi.

Shu sababli energiya narxlaridagi o‘sish transport va yetkazib berish xarajatlari orqali oziq-ovqat, sanoat mahsulotlari va turli xizmatlar narxiga ham o‘tishi mumkin.

Inflyatsiya AQSh saylovchilari uchun muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Prezident Donald Tramp esa amerikaliklar Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yuqoriroq narxlarni to‘lashga tayyor ekanini ta’kidlagan.

Avvalroq «Kursiv» neft narxi 120 dollargacha ko‘tarilishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek