Fransiyadagi Renuar muzeyidan ikkita noyob kartina o‘g‘irlandi

Fransiyaning Lazur sohilidagi Kan-syur-Mer shahrida joylashgan Renuar muzeyiga o‘g‘rilar bostirib kirib, ikki kartinani olib ketdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Shahar meri Bryan Massonning ma’lum qilishicha, jinoyatchilar dastlab to‘rtta asarni o‘g‘irlashga uringan, biroq qochish vaqtida ulardan ikkitasini muzey bog‘ida tashlab ketgan.
O‘g‘irlangan to‘rtta asarning umumiy qiymati qariyb 9 mln yevro, ya’ni taxminan $10,5 mln deb baholangan.
O‘g‘rilar tong saharda muzeyga kirgan
Hodisa seshanba kuni ertalab, soat 06:00 ga yaqin sodir bo‘lgan. Bryan Massonning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar shahardagi videokuzatuv tizimi yordamida aniqlangan. Politsiya ularni ta’qib qilgan, biroq ikki gumondor qochishga muvaffaq bo‘lgan.
Signalizatsiya va sirenalar ishga tushgani sabab o‘g‘rilar rejasini tezlashtirishga majbur bo‘lgan. Natijada ular to‘rtta kartinani olib chiqqan, biroq ikkitasini muzey bog‘ida tashlab ketgan.
Muzey Renuarning sobiq uyida joylashgan
Renuar muzeyi mashhur fransuz impressionist rassomi Pyer-Ogyust Renuarning sobiq uyi va ustaxonasida faoliyat yuritadi.
Rassom umrining so‘nggi yillarini aynan Kan-syur-Merda o‘tkazgan. Hozir bu hududda uning uyi, ustaxonasi, bog‘lari va zaytun daraxtlari saqlab qolingan.
Muzey shu sabab nafaqat san’at asarlari, balki rassomning hayoti bilan bog‘liq tarixiy makon sifatida ham katta ahamiyatga ega.
Politsiya gumondorlarni qidirmoqda
Fransiya huquq-tartibot organlari jinoyatchilarni aniqlash va o‘g‘irlangan ikki kartinani topish bo‘yicha qidiruv ishlarini olib bormoqda.
Hozircha gumondorlarning shaxsi va o‘g‘irlangan asarlarning aniq nomlari haqida ma’lumot berilmagan.
Yevropada san’at asarlari o‘g‘riligi ko‘paymoqda
Europol ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Yevropadagi muzey va madaniy obyektlarga qarshi jinoyatlarning uslubi o‘zgarib bormoqda.
Avval bunday jinoyatlar ko‘proq maxsus tayyorgarlikka ega guruhlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, endilikda tez foyda olishni ko‘zlagan, ayrim hollarda ijtimoiy tarmoqlar orqali shakllangan guruhlar ham ko‘paymoqda.
Avvalroq Italiyadagi muzeydan qimmatbaho asarlar o‘g‘irlangani haqida yozgan edi.