«Gazprom» Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berishni qariyb 70 foizga oshirdi

Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi 2026-yil boshidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishni jami hisobda qariyb 70 foizga oshirdi. Bu haqda kompaniya boshqaruvi raisi Aleksey Miller ma’lum qildi.
Miller neft va gaz sanoati xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Markaziy Osiyo yo‘nalishidagi yetkazib berishlar sezilarli ko‘payganini aytdi.
«Bu yil Markaziy Osiyoda ham yaxshi natijalarga erishdik. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga yetkazib berishlarimizni jami qariyb 70 foizga oshirdik», — dedi Aleksey Miller.
O‘zbekistonga 2025-yilda 6,48 mlrd kub metr gaz yetkazilgan
O‘zbekiston 2023-yildan Rossiyadan «Gazprom» gazini import qila boshlagan. Yetkazib berish «Markaziy Osiyo — Markaz» magistral gaz quvuri orqali teskari rejimda amalga oshirilmoqda.
2025-yilda «Gazprom» O‘zbekistonga 6,48 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazgan. Bu 2024-yilga nisbatan 15 foizga ko‘p bo‘lgan. Hisob-kitobga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonga taxminan 5,63 mlrd kub metr gaz yetkazilgan.
Qirg‘iziston bilan 2040-yilgacha shartnomalar mavjud
Qirg‘iziston hozir yiliga qariyb 500 mln kub metr gaz iste’mol qiladi.
«Gazprom» bilan kelajakdagi IES-2 va «Bishkekselmash» issiqlik elektr markazini gaz bilan ta’minlash bo‘yicha 2040-yilgacha mo‘ljallangan uzoq muddatli shartnomalar imzolangan.
Qozog‘istonga ham yetkazib berish oshmoqda
«Gazprom» Qozog‘istonning G‘arbiy Qozog‘iston, Qo‘stanay va Aqtobe viloyatlaridagi iste’molchilarni gaz bilan ta’minlashda qatnashmoqda.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya gazini yetkazib berish Qozog‘iston ehtiyojlari oshishi bilan birga ko‘paymoqda. Shuningdek, mamlakatning shimoliy hududlarini gazlashtirish masalasi ham ishlab chiqilmoqda.
«Gazprom» Xitoyga yangi gaz quvurini ishga tushirmoqchi
Miller kompaniyaning Xitoy bilan ham hamkorligini kengaytirayotganini qayd etdi.
«2027-yil yanvarida Xitoyga yangi eksport gaz quvurini — Uzoq Sharq yo‘nalishini ishga tushiramiz», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha belgilangan reja va shartnoma majburiyatlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda suyultirilgan gaz narxi o‘zgarishi ma’lum qilingandi. Hozirda O‘zbekistonda qariyb 3,8 mln aholi va 2 mingga yaqin ijtimoiy soha obyektlari suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. 2026-yilda ularning ehtiyoji uchun 604,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan.