General Motors yangi avtomobilini taqdim etdi — foto, narx

8-sentabr 2026 07:13 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
General Motors yangi avtomobilini taqdim etdi — foto
Foto: GM

General Motors kompaniyasi Xitoyda 2027-yilgi Cadillac XT5 PHEV krossoverining rasmiy sotuvini boshladi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Yangi Cadillac XT5 PHEV elektrlashtirilgan versiyasining jahon premyerasidan bir necha hafta o‘tib Xitoy bozoriga chiqarildi. Model aynan ushbu mamlakat uchun ishlab chiqilgan yangi energiyali avtomobillar arxitekturasi asosida yaratilgan.

Cadillac ilk bor Pro va Pro Max versiyalarini taklif qildi

2027-yilgi XT5 PHEV Xitoyda Pro va Pro Max komplektatsiyalarida sotuvga chiqarildi. Cadillac avtomobillarida bu nomlar ilk bor qo‘llanmoqda.

Foto: GM

Har ikkala versiya zamonaviy xavfsizlik va elektron tizimlarning keng to‘plamiga ega. Ularning asosiy farqlari salon bezagi hamda haydovchiga yordam beruvchi Momenta R7 tizimining imkoniyatlariga taalluqli. XT5 PHEV ushbu tizim o‘rnatilgan birinchi seriyali avtomobil bo‘ldi.

Cadillac China vitse-prezidenti Uill Steysining ta’kidlashicha, yangi XT5 PHEV kompaniyaning Xitoydagi elektrlashtirish strategiyasida muhim bosqichni boshlab beradi. Model mahalliy ishlab chiqilgan arxitektura va dasturiy ta’minotni zamonaviy texnologiyalar, yuqori unumdorlik hamda raqamli xizmatlar bilan birlashtiradi.

362 ot kuchi va 200 km dan ortiq elektr yurish zaxirasi

Cadillac XT5 PHEV standart ravishda to‘liq uzatmali ikki motorli gibrid tizim bilan jihozlangan. Kuch qurilmasining umumiy quvvati 270 kVt yoki 362 ot kuchini tashkil qiladi.

Avtomobilga 5C tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan litiy-ion batareya o‘rnatilgan. Faqat elektr energiyasi hisobiga XT5 PHEV 200 kilometrdan ortiq yo‘l bosishi mumkin.

Foto: GM

Batareya va ichki yonuv dvigateli birgalikda ishlaganda esa avtomobilning umumiy yurish zaxirasi 1 360 kilometrdan oshadi. Ishlab chiqaruvchi buni o‘z segmentidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri sifatida taqdim etmoqda.

Cadillac XT5 PHEV qancha turadi

Yangi krossover hozirdanoq Xitoydagi Cadillac rasmiy dilerlik markazlarida sotuvga chiqarilgan.

Boshlang‘ich XT5 PHEV Pro versiyasi 259,9 ming yuan, ya’ni taxminan $38,9 mingga baholangan. Yuqoriroq Pro Max komplektatsiyasining narxi esa 279,9 ming yuan yoki qariyb $41,9 mingni tashkil qiladi.

Model SAIC-GM qo‘shma korxonasi tomonidan Xitoyda ishlab chiqariladi va hozircha aynan mahalliy bozor uchun mo‘ljallangan. Kompaniya yangi XT5 PHEV tez sur’atlarda rivojlanayotgan elektrlashtirilgan premium krossoverlar segmentida Cadillac’ning mavqeini kuchaytirishiga umid qilmoqda.

Foto: GM

Cadillac uchun yangi yo‘nalish

XT5 PHEV’ning paydo bo‘lishi Cadillac uchun muhim ahamiyatga ega, chunki bu brendning ilk plagin-gibrid krossoveridir. Kompaniya shu paytgacha elektrlashtirish strategiyasida asosan to‘liq elektr modellariga e’tibor qaratib kelgan edi.

Yangi XT5 esa elektr avtomobilning kundalik foydalanishdagi afzalliklarini uzoq safarlarda ichki yonuv dvigatelidan foydalanish imkoniyati bilan birlashtiradi. 200 kilometrdan ortiq elektr yurish zaxirasi tufayli ko‘plab kundalik safarlarni benzindan foydalanmasdan amalga oshirish mumkin, 1 360 kilometrdan oshadigan umumiy masofa esa uzoq yo‘llarda quvvatlash stansiyasiga qaramlikni kamaytiradi.

Avvalroq «Kursiv» Cobalt avtomobilining asosiy kamchiliklari aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek