Humo Air’ning 100 foizlik ulushi yana sotuvga qo‘yiladi

Humo Air aviakompaniyasi yana davlat tasarrufiga qaytarilib, 100% ulushi 2026–2027-yillarda ommaviy savdoga chiqariladi. Prezidentning 2026-yil 28-avgustdagi farmoniga muvofiq ilova qilingan xususiylashtiriladigan davlat aktivlari ro‘yxatida Humo Air’ning 100% ulushi sotilishi belgilangan.
Humo Air bundan oldin, 2022-yil oxirida Shveytsariyaning ValleyRoad Capital S.A. kompaniyasiga 27,2 mlrd so‘m (100% ulush) evaziga sotilgan. Investor 2026-yilgacha 18 ta samolyot xarid qilish, jumladan, dastlabki uchta havo kemasini 2023-yilda olib kelish majburiyatini olgan edi.
Keyinchalik Humo Air loukoster modelida ishlay boshladi va Toshkentdan Nukus, Samarqand, Urganch, Qarshi, Farg‘ona kabi shaharlarga reyslarni yo‘lga qo‘ydi.
Investor bilan shartnoma bekor qilingan
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Gazeta.uz’ga investor bilan tuzilgan shartnoma allaqachon bekor qilinganini bildirgan.
Agentlik izohiga ko‘ra, shu sabab Humo Air’ning 100% ulushi davlatga qaytariladi va egalik huquqini qayta rasmiylashtirish ishlari yaqin kunlarda yakunlanishi kerak.
Shu bilan birga, 8-sentabr holatidagi ochiq davlat reyestrida kompaniyaning 51 foizi ValleyRoad Capital, 49 foizi esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli ekani ko‘rsatilgan. Agentlik bu holat qayta rasmiylashtirish jarayoni hali tugamaganini anglatishini ma’lum qilgan.


2024-yilda ikkita Airbus samolyoti qaytarilgan
Humo Air 2023-yil oxiridan yo‘lovchi tashishni ikki dona Airbus A320-200 samolyotida amalga oshirgan. Ushbu samolyotlar Bolgariyaning Fly2Sky kompaniyasidan lizingga olingan edi.
2024-yil martida aviakompaniya amaldagi lizing shartlari biznes-reja bo‘yicha rivojlanishga imkon bermayotganini bildirib, ikkita Airbus A320 samolyotini lizing beruvchiga qaytarishga qaror qilgan.
Kompaniya o‘sha paytda aprel oyida boshqa lizing beruvchidan yangi samolyotlar olishni va parvozlarni qayta tiklashni rejalashtirgan edi.
Bekor qilingan reyslar uchun pullar qaytarilgan
2024-yil fevral oxirida Humo Air 10-martdan parvozlarni vaqtincha to‘xtatishini e’lon qilgan.
Shundan so‘ng aviakompaniya 11–30-mart kunlariga band qilingan aviachiptalar uchun pullarni qaytarishni boshlagan. Yo‘lovchilarga chiptalarni boshqa sanaga qo‘shimcha to‘lovsiz almashtirish imkoniyati ham berilgan.
O‘sha vaqtda kompaniya kelgusida ichki yo‘nalishlarni saqlab qolgan holda, Olmaota, Istanbul va Dubay kabi xalqaro yo‘nalishlarga chiqishni rejalashtirganini bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Turonbank», «O‘zexpomarkaz» va Xalqaro biznes markazi sotilishi ma’lum qilingandi.