IIV akademiyasiga qabul qilish tartibi o‘zgaradi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
2026/2027-o‘quv yilidan IIV akademik litseylari o‘quvchilari uchun ham yangi imtiyoz joriy qilinadi
IIV akademiyasiga qabul qilish tartibi o‘zgaradi
Foto: IIV akademiyasi sayti

O‘zbekistonda IIV Akademiyasiga qabul qilishdan tortib kursantlarni amaliyotga biriktirishgacha bo‘lgan jarayonlarda yangi mexanizmlar joriy etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zgarishlar 2026/2027-o‘quv yilidan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Akademiya faoliyatini rivojlantirishda dunyoning Top – 1000 taligiga kiruvchi universitetlar hamda «Yangi O‘zbekiston» universiteti tajribasidan foydalaniladi.

Akademiyada maktablar tizimi joriy etiladi

Qarorga ko‘ra, IIV Akademiyasida «ta’lim – tadqiqot – amaliyot» integratsiyasini kuchaytirish maqsadida xalqaro akademik modellarga asoslangan maktablar tizimi joriy qilinadi.

Amaldagi fakultet va kafedralar maqbullashtirilib, ular negizida maktablar hamda sho‘balar tashkil etiladi. Bu orqali ta’lim, ilmiy tadqiqot va amaliy tayyorgarlikni yagona tizimga birlashtirish ko‘zda tutilgan.

Ta’lim jarayoni kredit-modul tizimiga o‘tkaziladi. Kursantlar birinchi kursdan boshlab IIVning sohaviy xizmatlari va hududiy bo‘linmalariga biriktiriladi.

Bitiruvchi kurs kursantlariga o‘qishni tamomlashidan oldin «katta serjant» maxsus unvoni berilishi ham belgilangan.

Xakaton g‘oliblari suhbatdan ozod qilinadi

2026/2027-o‘quv yilidan IIV akademik litseylari o‘quvchilari uchun ham yangi imtiyoz joriy qilinadi.

Vazirlik, respublika yoki xalqaro miqyosdagi xakaton va startap loyihalarida g‘olib bo‘lgan akademik litsey o‘quvchilari dastlabki va maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, belgilangan kvota doirasida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga yakuniy yakka tartibdagi suhbatsiz qabul qilinadi.

Shu tariqa, texnologik va innovatsion loyihalarda yuqori natija ko‘rsatgan yoshlarni ichki ishlar organlari tizimiga jalb qilish uchun alohida imkoniyat yaratiladi.

AKT talabalari uchun «2+2» dasturi yo‘lga qo‘yiladi

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining ikkinchi bosqichini tamomlagan talabalar ham IIV Akademiyasida o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ular Akademiyaning «Yurisprudensiya – raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish» yo‘nalishiga «2+2» dasturi asosida maqsadli tanlov orqali qabul qilinishi mumkin.

Mazkur dastur davlat granti asosida tashkil etiladi.

O‘qishdan chetlatilgan kursantlarga qaytish imkoniyati beriladi

Ta’lim dasturini o‘zlashtira olmagani uchun kursantlar safidan chiqarilgan shaxslar ham tizimdan butunlay chetda qolmaydi.

Ular ichki ishlar organlarining safdorlar yoki serjantlar tarkibidagi tegishli lavozimlariga xizmatga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, bunday shaxslarga bir yildan uch yilgacha bo‘lgan muddatda o‘qishga qayta tiklanish imkoniyati yaratiladi.

Har yili 80 nafar xodim malaka oshiradi

Akademiya professor-o‘qituvchilari va ilmiy-pedagogik tarkibini muntazam tayyorlash tizimi ham kuchaytiriladi.

Har yili kamida 50 nafar professor-o‘qituvchi, ilmiy-pedagogik va o‘quv-uslubiy xodim «Yangi O‘zbekiston» universitetida malaka oshiradi yoki stajirovka o‘taydi.

Yana 30 nafar xodim xorijiy ta’lim tashkilotlariga maqsadli malaka oshirish uchun yuboriladi.

IIVning to‘rtta o‘quv markazi qayta tashkil etiladi

Qaror bilan IIVning Farg‘ona, Jizzax, Toshkent va Surxondaryo mintaqaviy o‘quv markazlari ham qayta tashkil qilinadi.

Ular yuridik shaxs maqomini saqlab qolgan holda IIV Malaka oshirish institutining Farg‘ona, Jizzax, Toshkent va Surxondaryo filiallariga aylantiriladi.

2027-yil 1-yanvardan ushbu filiallar rahbarlari, xodimlari va o‘qituvchilariga Malaka oshirish institutidagi tegishli lavozimlar uchun belgilangan pul ta’minoti tartibi va miqdorlari tatbiq etiladi.

Institutning Nukus filialidagi kasbiy tayyorgarlik fakulteti esa Nukus filialining Serjantlar tayyorlash markazi sifatida qayta tashkil etiladi. Shuningdek, vazirlik va idoralarning harbiylashtirilgan hamda qorovullik-qo‘riqlash bo‘linmalari mutaxassislarini institut va uning filiallarida o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bir tinglovchi uchun bir akademik soat narxi BHMning 12 foizi miqdorida belgilanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jamoat xavfsizligi universitetida qabul kvotasi oshishi haqida yozgan edi.

Shuningdek