Intellektual mulk uchun yangi ko‘krak nishoni ta’sis etildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
BHMning 4 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti ham beriladi
Intellektual mulk uchun yangi ko‘krak nishoni ta’sis etildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda intellektual mulk sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirishning yangi tartibi joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Mazkur nishon davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda tadbirkorlik subyektlariga berilishi mumkin.

Nomzodlarni maxsus komissiya tanlaydi

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish uchun maxsus komissiya tuziladi.

Nomzodlarni baholashda ularning intellektual mulk sohasini rivojlantirishga qo‘shgan amaliy hissasi asosiy mezonlardan biri bo‘ladi.

Xususan, davlat dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etgani, intellektual mulk obyektlarini yaratishni qo‘llab-quvvatlagani hamda ularning huquqiy himoyasini ta’minlashdagi faoliyati hisobga olinadi.

Xalqaro hamkorlikdagi faoliyat ham baholanadi

Komissiya nomzodlarning jamiyatda intellektual faoliyat natijalariga hurmatni shakllantirishga qo‘shgan hissasini ham inobatga oladi.

Bundan tashqari, intellektual mulk sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilishdagi ishtirok ham muhim mezonlardan biri bo‘ladi.

Mukofot 26-aprel arafasida topshiriladi

Ko‘krak nishoni har yili 26-aprel – Xalqaro intellektual mulk kuni arafasida tantanali ravishda topshiriladi.

Mukofotga sazovor bo‘lgan shaxslarga ko‘krak nishoni bilan birga BHMning 4 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti ham beriladi.

Avvalroq «Kursiv» «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotining 2026-yilgi g‘oliblari e’lon qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek