
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov va qozog‘istonlik Bibisara Assaubaeva dona surayotgan FYERS American Gambits jamoasi Hindistonning Bangalor shahrida o‘tayotgan Tech Mahindra Global Chess League turnirining uchinchi turida yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi. Jamoa Magnus Karlsen yetakchiligidagi Alpine APL Pipers’ga 3:15 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Sindarov Karlsenga qarshi dona surdi
Uchinchi tur markaziy qarama-qarshiliklaridan biri birinchi taxtada bo‘lib o‘tdi. Unda Javohir Sindarov sobiq jahon chempioni, norvegiyalik Magnus Karlsen bilan kuch sinashdi.
Partiyada Karlsen ustunlikka erishib, yakunda o‘zbekistonlik grossmeyster ustidan g‘alaba qozondi. Bu natija Alpine APL Pipers jamoasining umumiy hisobdagi yirik g‘alabasiga muhim hissa qo‘shdi.
Sindarov va Karlsen qarama-qarshiligi tur oldidan ham alohida qiziqish uyg‘otgan edi. Sababi o‘zbekistonlik shaxmatchi so‘nggi yillarda dunyoning eng kuchli grossmeysterlari bilan tengma-teng kurasha olayotgan yosh shaxmatchilardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Asaubaeva mag‘lubiyatdan qutqara olmadi
FYERS American Gambits safidagi Bibisara Assaubaeva esa qora donalarda hindistonlik Divya Deshmuxga qarshi o‘ynadi.
Qozog‘istonlik shaxmatchi partiyada muvozanatni saqlab qoldi va uchrashuvni durang bilan yakunladi. Shu tariqa u jamoasiga bir ochko olib keldi. Biroq boshqa taxtalardagi natijalar tufayli bu ochko FYERS American Gambits’ni yirik mag‘lubiyatdan qutqarish uchun yetarli bo‘lmadi.
Uchrashuv yakunida Alpine APL Pipers 15:3 hisobida g‘alaba qozondi.
Turnirning mukofot jamg‘armasi — $1 mln
Tech Mahindra Global Chess League’ning to‘rtinchi mavsumi 5-sentabr kuni Hindistonning Bangalor shahrida boshlangan.
Musobaqada jami oltita jamoa qatnashmoqda. Har bir jamoa tarkibida olti nafardan shaxmatchi bo‘lib, ular orasida erkak va ayol yulduz shaxmatchilar hamda yosh iste’dodlar bo‘lishi talab etiladi.
Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi $1 mlnni tashkil qiladi.
Guruh bosqichi yakunida eng yaxshi natija qayd etgan ikki jamoa finalga yo‘l oladi. Hal qiluvchi bahs 13-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi va g‘olib ikki partiyadan iborat final uchrashuvi orqali aniqlanadi.
Avvalroq «Kursiv» Sindarov va uning qaylig‘i million dollarlik turnirda peshqadamlik qilayotgani haqida yozgan edi.