Makron insoniyatni «dahshatli xato»ga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sun’iy intellekt kino ijodkorlarining o‘rnini bosmasligi kerakligini aytdi. U Sen-Pol-de-Vens shahrida o‘tkazilgan xalqaro kino sammitida SI ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi. Prezidentning so‘zlarini Agence France Presse keltirdi.
Kino sohasi uchun 1 mlrd yevrolik fond
Sammitda Fransiya va Janubiy Koreya kino va boshqa media yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 mlrd yevrolik fond tashkil etishini e’lon qildi. Mablag‘ keyingi besh yil davomida ikki mamlakatdagi animatsiya va boshqa tasviriy kontent bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Tadbirda 65 mamlakatdan 220 ga yaqin vakil ishtirok etdi. Ular kino va media industriyasining sun’iy intellekt, kinoteatrlarga tashriflar kamayishi hamda smartfon va boshqa raqamli platformalar bilan bog‘liq muammolarini muhokama qildi.
Makron SI ustidan nazoratga chaqirdi
Makron sun’iy intellekt texnologiyasi mualliflarning o‘rnini bosadigan vositaga aylanishi katta xato bo‘lishini ta’kidladi.
Janubiy Koreya prezidenti Li Jje Myon ham sun’iy intellektni yanada mas’uliyatli va insonga yo‘naltirilgan tarzda rivojlantirish zarurligini aytdi.
Sammit doirasida mustaqil kinoteatrlarni birlashtiruvchi Iris xalqaro tashkiloti ham tuzilishi ma’lum qilindi. Uning asosiy vazifasi kinoteatrlar tizimining xilma-xilligini saqlashdan iborat bo‘ladi.
Yirik SI kompaniyalari sammitda qatnashmadi
Netflix va TikTok sammitda ishtirok etgan bo‘lsa, YouTube va Meta tadbirga kelish taklifini rad etdi. Generativ sun’iy intellekt bo‘yicha yirik kompaniyalar ham sammitda qatnashmadi.
Ular audiovizual va kino ijodkorlarining asarlaridan AI modellarini o‘qitishda foydalanayotgani sababli tanqid qilinmoqda. Sammit tashkilotchilari esa intellektual mulk huquqini himoya qilish zarurligini ta’kidladi.
Tadbirda amerikalik aktyor Jorj Kluni ham ishtirok etdi. Rejissor Martin Skorseze va fransuz aktrisasi Izabel Yupper sammitni masofadan turib kuzatdi.
Avvalroq dunyoning turli mamlakatlarida ChatGPT, Claude, Grok, Google Gemini va boshqa sun’iy intellekt servislarining ishlashida nosozliklar kuzatilgani haqida xabar berilgandi.