Neft narxi 120 dollargacha ko‘tarilishi mumkin — Goldman Sachs

eʼlon qilindi
Bu hozirgi Brent narxidan qariyb 25 foiz yuqori
Neft narxi 120 dollargacha ko‘tarilishi mumkin — Goldman Sachs
Foto: depositphotos

Yaqin Sharqda kemalarga hujumlar kuchaysa, neft narxi bir barrel uchun $120 gacha ko‘tarilishi mumkin. Goldman Sachs tahlilchilariga ko‘ra, bu hozirgi Brent narxidan qariyb 25 foiz yuqori.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Goldman Sachs global xomashyo bozorlari tadqiqotlari bo‘limi hamraisi Daan Struyven Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar dengiz orqali tashishdagi uzilishlar yanada kuchayishi xavfini oshirganini aytdi.

«So‘nggi bir necha kundagi voqealar dengiz tashuvlaridagi uzilishlar kengayishi va kuchayishi xavfi sezilarli ekanini ko‘rsatmoqda», — dedi Struyven.

Brent narxi $97,8 gacha ko‘tarildi

7-sentabr, dushanba kungi savdolarda Brent markali neft fyucherslari qariyb 1,6 foizga qimmatlashib, bir barrel uchun $97,8 ga yetgan.

Goldman Sachs’ning yuqori xavfli ssenariysida narx $120 gacha ko‘tarilishi mumkin. Agar mintaqadan neft eksporti normallashsa, bank $80 atrofidagi pastroq ssenariyni ham ko‘rib chiqmoqda.

Asosiy xavf Hormuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq

Yaqin Sharqdagi mojaro va Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat energiya bozorlariga bosimni oshirmoqda.

Manbaga ko‘ra, AQSh dam olish kunlari uchta Eron neft tankeriga zarba bergan. Tehron esa mintaqada yangi yopiq hudud tashkil etganini bildirgan.

Shu bilan birga, AQSh harbiy-dengiz kuchlari Eron portlariga bosimni davom ettirib, boshqa neft ishlab chiqaruvchi davlatlar kemalarini hududdan olib chiqishda kuzatib bormoqda.

Goldman Sachs gaz va dizelga ham e’tibor qaratmoqda

Goldman Sachs tahlilchilari tabiiy gaz va neft mahsulotlari bozorida ta’minot zarbalari xom neft bozoridagidan ham kuchliroq bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

Struyvenning aytishicha, bank investorlar uchun geosiyosiy xatarlarni tabiiy gaz va neft mahsulotlari orqali xedj qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni ma’qul deb hisoblamoqda.

Sanoat dizel yonilg‘isi narxi yil boshidan buyon ikki baravardan ko‘proq oshgani ham qayd etilgan.

Xitoy neft narxini qisman ushlab turishi mumkin

Goldman Sachs fikricha, neft narxi keskin ko‘tarilgan taqdirda Xitoy xaridlarni kamaytirib, bozorning haddan tashqari qizib ketishini qisman cheklashi mumkin.

Ammo tabiiy gaz va neft mahsulotlari bozorida Pekin bunday darajada muvozanatlashtiruvchi rol o‘ynay olmaydi. Shu sabab ushbu segmentlarda narx zarbalari kuchliroq bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OPEK+ davlatlari oktabr uchun neft qazib olish kvotalarini o‘zgartirmagani ma’lum qilingandi. World oil yozishicha, qaror Eron atrofidagi urush va Hormuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar Yaqin Sharqdan neft eksportini keskin cheklab turgan bir paytda qabul qilindi.

Shuningdek