
2026-yilgi «Oltin to‘p» mukofoti uchun da’vogarlar ro‘yxati e’lon qilindi. 30 futbolchidan iborat yakuniy ro‘yxatdan Harri Keyn, Kilian Mbappe, Lamin Yamal, Lionel Messi va boshqa yulduzlar joy oldi.
ESPN ma’lumotiga ko‘ra, mukofot g‘olibi 26-oktabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan «Ballon d’Or» marosimida aniqlanadi.
Keyn, Mbappe va Yamal asosiy da’vogarlar qatorida
«Bavariya» va Angliya terma jamoasi hujumchisi Harri Keyn sermahsul mavsumidan so‘ng mukofot uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida qayd etildi.
«Barselona» yulduzi Lamin Yamal hamda «Real Madrid» hujumchisi Kilian Mbappe ham klub va terma jamoadagi muvaffaqiyatli o‘yinlari ortidan 30 kishilik ro‘yxatga kiritildi.
«Oltin to‘p»ni sakkiz marta qo‘lga kiritgan Lionel Messi esa 2023-yildan beri ilk bor mukofotga nomzod bo‘ldi. Argentinalik futbolchi so‘nggi marta 2023-yilda sovrinni qo‘lga kiritgan edi.
PSJdan 10 futbolchi nomzod bo‘ldi

«Pari Sen-Jermen» 2026-yilgi «Oltin to‘p» ro‘yxatida eng ko‘p futbolchisi qatnashayotgan klub bo‘ldi. Parij jamoasidan jami 10 futbolchi nomzodlar orasidan joy oldi.
Taqqoslash uchun, La liga klublaridan yetti, Angliya Premyer-ligasi vakillaridan esa to‘rt futbolchi ro‘yxatga kiritilgan.
2024-yilda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan Rodri ham bu yilgi da’vogarlar orasida. Unga «Barselona»dagi jamoadoshlari Lamin Yamal va Pau Kubarsi hamrohlik qilmoqda.
«Oltin to‘p» uchun barcha 30 nomzod
2026-yilgi mukofot uchun Jud Bellingem, Pau Kubarsi, Mark Kukurelya, Usmon Dembele, Luis Dias, Bruno Fernandesh, Gabriel, Erling Holand, Ashraf Hakimi, Harri Keyn, Xvicha Kvaratsxeliya, Lamin Yamal, Sadio Mane, Markinyos, Lautaro Martines, Kilian Mbappe, Nunu Mendesh, Lionel Messi, Joau Nevesh, Maykl Olise, Vilyan Pacho, Xulian Kinyones, Deklan Rays, Rodri, Fabian Ruis, Vilyam Saliba, Ferran Torres, Dayo Upamekano, Vinisius Junior va Vitinya da’vogarlik qilmoqda.
Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi ham aniqlanadi
Marosimda eng yaxshi yosh futbolchi uchun alohida sovrin ham topshiriladi. Unga Kerim Alajbegovich, Ayyub Buaddi, Pau Kubarsi, Yan Diomande, Lennart Karl, Eli Junior Krupi, Lamin Yamal, Yohan Manzambi, Ibrohim Maza va Uorren Zair-Emeri nomzod bo‘ldi.
Lamin Yamal shu tariqa bir vaqtning o‘zida ham asosiy «Oltin to‘p», ham eng yaxshi yosh futbolchi mukofotiga da’vogarlik qilmoqda.
Eng yaxshi darvozabon uchun 10 nomzod
Yilning eng yaxshi darvozaboni sovrini uchun Yassin Bunu, Tibo Kurtua, Joan Garsiya, Gregor Kobel, Emiliano Martines, Eduar Mendi, David Raya, Matvey Safonov, Vozinya va Unai Simon kurash olib boradi.
Jahon chempionatidagi yorqin o‘yini bilan ajralib turgan Vozinya ham mukofotga da’vogarlar qatoridan joy oldi.
Yil murabbiyi uchun besh nomzod
Eng yaxshi murabbiy sovriniga Luis Enrike, Vensan Kompani, Mikel Arteta, Luis de la Fuente va Unai Emeri nomzod bo‘ldi.
Yilning eng yaxshi klubi mukofoti uchun esa «Pari Sen-Jermen», «Bavariya», «Arsenal», «Flamengo» va «Bude-Glimt» kurashadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jorjina Rodriges Ronaldu bergan uzukni nega taqmagani haqida yozgan edi.