O‘zbekiston va Serbiya savdo, sanoat va migratsiya bo‘yicha kelishuvlarga erishdi

eʼlon qilindi
Erkin savdo bitimi ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda
O‘zbekiston va Serbiya savdo, sanoat va migratsiya bo‘yicha kelishuvlarga erishdi
Foto: prezident matbuot xizmati

Belgradda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich muzokara o‘tkazdi. Tomonlar savdo, investitsiya, sanoat, transport, mehnat migratsiyasi va gumanitar hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishdi.

Uchrashuv Serbiya saroyida yuzma-yuz va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev ushbu tashrif O‘zbekiston prezidentining Belgradga ilk tashrifi ekanini va ikki davlat munosabatlarida yangi bosqich boshlanishini ta’kidladi.

Erkin savdo bitimi ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda

Muzokaralarda o‘zaro savdo hajmini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar yetkazib berishni kengaytirish, Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, standartlashtirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro ko‘rgazmalar tashkil etish muhimligini qayd etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston 2027-yilda Belgradda bo‘lib o‘tadigan «EXPO-2027» xalqaro ko‘rgazmasida milliy pavilyon bilan qatnashishi ma’lum qilindi.

Sanoat va transportda yangi loyihalar ko‘rib chiqildi

Tomonlar transport va logistika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiyot hamda raqamli iqtisodiyot sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Avtomobil qismlari, uskunalar, elektr texnika va elektronika ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchun salohiyat borligi ta’kidlandi. Kelishuvlarni amalga oshirish uchun 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan sanoat sherikligini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.

Mehnat migratsiyasi bo‘yicha bitim qabul qilindi

Muzokaralarda tartibli mehnat migratsiyasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Serbiya ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan tizimli hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan. Tashrif doirasida Mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risidagi bitim qabul qilindi.

Hududlararo va madaniy aloqalar kengaytiriladi

Samarqand viloyati va Voyevodina, shuningdek, Samarqand va Novi-Sad shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilgani qayd etildi.

Ta’lim, madaniyat, sport va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, madaniyat kunlari, kino, teatr va musiqa festivallarini birgalikda tashkil etishga kelishildi.

Kelishuvlar bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilinadi

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun keng qamrovli «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Serbiya saroyida tantanali kutib olingani ma’lum qilingandi. Shavkat Mirziyoyev sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Serbiya davlat madhiyalari yangradi.

Shuningdek