«O‘zbekneftgaz» gaz ishlab chiqarishni 20 foizga oshiradi

eʼlon qilindi
Kompaniya tabiiy gazning sutkalik qazib chiqarish hajmini ham 4,36 mln kub metrga ko‘paytirmoqchi
Foto: O‘zbekneftgaz

«O‘zbekneftgaz» yil oxirigacha gaz kondensati, oltingugurt va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini amaldagi ko‘rsatkichga nisbatan 20 foizga oshirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya tabiiy gazning sutkalik qazib chiqarish hajmini ham 4,36 mln kub metrga ko‘paytirmoqchi. Bu haqda kompaniyaning kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi. 

Gaz qazib chiqarish 4,36 mln kub metrga oshiriladi

Kompaniya oldidagi asosiy vazifalardan biri yangi quduqlarni ishga tushirish va amaldagi quduqlarni kapital ta’mirlash hisobiga tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirishdan iborat.

Rejaga ko‘ra, avgust va sentabr oylarida ishga tushirilishi belgilangan quduqlarni foydalanishga topshirish orqali sutkalik qazib chiqarish hajmini 3,9 mln kub metrga oshirish ko‘zda tutilgan.

Yana 16 ta quduqni kapital ta’mirlash hisobiga sutkasiga 460 ming kub metr qo‘shimcha gaz olish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, kompaniya tabiiy gaz qazib chiqarish sur’atlarini o‘tgan yilning mos davri darajasida barqarorlashtirish va har bir kon, quduq hamda ishlab chiqarish obyektidagi ko‘rsatkichlarni nazorat qilishni kuchaytirishni maqsad qilgan.

Ishlab chiqarish hajmi 120 foizga yetkaziladi

Qayta ishlash yo‘nalishida yil oxirigacha gaz kondensati, oltingugurt va suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni amaldagi hajmning 120 foizigacha yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Yig‘ilishda neft mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan ta’minlash, avariyaviy to‘xtashlarning oldini olish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi.

Dojim kompressor stansiyalarini 1-oktabrgacha to‘liq ishga tayyorlash topshirildi.

Raqamlashtirish bo‘yicha muddatlar belgilandi

Kompaniyada E-KON, «Burg‘ilash markazi», ERP va BI tizimlarini joriy etish, shuningdek, neft bazalarini raqamlashtirish bo‘yicha yakuniy muddatlar belgilandi.

«O‘zbekneftgaz» rahbariyati raqamlashtirish natijasi taqdimot va hisobotlarda emas, balki ishlab chiqarish samaradorligida ko‘rinishi kerakligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, 2027-yil uchun geologiya-qidiruv ishlari, geologik-texnik tadbirlar, qazib chiqarish va ishlab chiqarish balansi, qurilish va investitsiya dasturlari hamda xaridlar portfelini tayyorlash topshirildi.

Kompaniya investitsiya loyihalarini amalga oshirish va mahalliylashtirish bo‘yicha ham vazifalarni belgilagan. Rahbarlardan rejalar ijrosini har kuni nazorat qilish va yakuniy natija uchun shaxsiy javobgarlikni ta’minlash talab qilindi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–iyul oylarida 731,9 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgani haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek