Qidiruvda bo‘lgan 19 nafar o‘zbekistonlik Janubiy Koreyadan topildi

eʼlon qilindi
Janubiy Koreya qidiruvdagi xorijliklarni ushlashni kuchaytirdi
Foto: Vladislav Shatilo / RBK

Janubiy Koreyada xorijda sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha qidiruvga berilgan 110 nafar chet el fuqarosi yashirinib yurgani aniqlandi. Ularning 19 nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘zbekistonliklar Xitoy fuqarolaridan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. Bu haqda Janubiy Koreya Milliy politsiya agentligi ma’lumotlariga tayanib The Korea Herald xabar berdi.

Janubiy Koreyada yashirinayotgan xalqaro qidiruvdagi xorijliklarning eng katta qismini Xitoy fuqarolari tashkil etgan – 40 nafar yoki umumiy sonning 36 foizi. Keyingi o‘rinda 19 nafar O‘zbekiston fuqarosi qayd etilgan. Mo‘g‘uliston fuqarolari esa 17 nafarni tashkil qilgan.

Eng ko‘p qidiruv firibgarlik bilan bog‘liq

Qidiruvdagi shaxslar orasida eng ko‘p uchraydigan jinoyat turi firibgarlik bo‘lib, 47 ta holat qayd etilgan.

Yana 29 ta holat odam o‘g‘irlash, noqonuniy ushlab turish, jinsiy ekspluatatsiya maqsadidagi odam savdosi va boshqa jinoyatlarga to‘g‘ri kelgan.

Qolgan holatlar giyohvandlik moddalari, o‘g‘rilik, yo‘l harakati qoidalarini buzish va tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq.

Janubiy Koreya qidiruvdagi xorijliklarni ushlashni kuchaytirdi

Janubiy Koreya politsiyasi xalqaro qidiruvdagi shaxslar bilan ishlovchi xodimlar sonini joriy yilda 22 nafardan 64 nafargacha oshirgan.

Natijada xorijiy davlatlarga topshirilgan qidiruvdagi shaxslar soni ham ko‘paygan. 2025-yilda 13 nafar shaxs topshirilgan bo‘lsa, 2026-yil yanvar – avgust oylarida bu ko‘rsatkich 24 nafarga yetgan.

Politsiya xalqaro hamkorlik kuchaygani Janubiy Koreyadan xorijga qochgan shaxslarni qaytarishda ham natija berayotganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyada to‘rt nafar o‘zbekistonlik terrorizmni moliyalashtirishda gumon qilingandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular Suriyadagi terrorchi guruhga pul mablag‘lari va transport vositalarini yetkazib berishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Kvanchju shahri politsiyasi versiyasiga ko‘ra, ishning asosiy gumondori 30 yoshlar atrofidagi O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi.

Shuningdek