Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan dorini ishlab chiqarish boshlandi

eʼlon qilindi
Mprosevir nomli preparat yengil va o‘rtacha darajadagi COVID-19 bilan kasallangan katta yoshli bemorlarni davolashda qo‘llanadi
Foto: Westlake University

Xitoyda sun’iy intellekt yordamida ishlab chiqilgan ilk innovatsion dori bozorga chiqarish uchun tasdiqlandi. Mprosevir nomli preparat yengil va o‘rtacha darajadagi COVID-19 bilan kasallangan katta yoshli bemorlarni davolashda qo‘llanadi. Bu haqda Global Times xabar berdi. 

Preparat Westlake University, Westlake Laboratory va Westlake Pharmaceuticals tomonidan ishlab chiqilgan. Xitoy Milliy tibbiy mahsulotlar ma’muriyati uni chiqarish uchun shartli ruxsat bergan.

49 mlrd birikma orasidan nomzod tanlangan

Uni yaratishda sun’iy intellekt va DNK-kodlangan ma’lumot texnologiyasi qo‘llangan. Tadqiqotchilar preparat yaratish jarayonining dastlabki bosqichida 49 mlrd kimyoviy birikmadan iborat ma’lumotlardan foydalangan.

Keyinchalik SI modeli ularning sonini bir necha kun ichida to‘qqiztagacha qisqartirgan. Ushbu molekulalarning oltitasi yuqori faollikni namoyish etgan.

Shundan so‘ng mutaxassislar toksiklik, metabolizm va boshqa ko‘rsatkichlarni o‘rganib, WLU6937 molekulasini eng asosiysi sifatida tanlagan.

Dori uch yarim yilda yaratilgan

Mprosevirni aniqlashdan klinik sinovlar yakunigacha bo‘lgan jarayon uch yarim yil davom etgan.

Preparatni takomillashtirish bosqichida uning samaradorligini oshirish, dori xususiyatlarini yaxshilash va toksikligini kamaytirishga e’tibor qaratilgan. Tadqiqotlar laboratoriya va hayvonlar ustida olib borilgan. 

Mprosevir SI texnologiyasi asosida ishlab chiqilib, muvaffaqiyatli tasdiqlangan dunyodagi ilk kichik molekulali innovatsion dori sifatida qayd etilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OpenAI o‘zining yangi sun’iy intellekt modeli – GPT-6 Astrani taqdim etgani haqida xabar bergandi. 

Shuningdek