AQSh Eron neft tankerlariga zarba berdi — tafsilotlar

eʼlon qilindi
AQSh zarbalaridan so‘ng Eron tomoni javob choralari ko‘rilishini e’lon qildi
AQSh Eron neft tankerlariga zarba berdi — tafsilotlar
Foto: Pexels

AQSh harbiylari Ummon ko‘rfazi va Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida Eron bilan bog‘liq beshta neft tankeriga zarba berdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSh harbiy kemasini ballistik raketalar bilan nishonga olishga uringanidan keyin amalga oshirilgan.

Eron tomoni esa bunga javoban Bahrayn va Kuvayt sohillari yaqinidagi neft tankerlarini nishonga olishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

AQSh beshta tankerga zarba berdi

AQSh Markaziy qo‘mondonligi – CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, Amerika kuchlari seshanba kuni Eron bilan bog‘liq beshta neft tashuvchi kemaga hujum qilgan.

Zarbalardan to‘rttasi Ummon ko‘rfazida M/T Kaviz, M/T Charminar, M/T Horizon 1 va M/T Riesco tankerlariga berilgan. Yana bir M/T Derya kemasi esa Hormuz bo‘g‘ozida, Xarg oroli yaqinida nishonga olingan.

CENTCOM ushbu kemalarni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan bog‘lagan. AQSh tomoni bayonotida Eron bu tankerlarni IRGC va uning mintaqadagi ittifoqchilarini moliyalashtiruvchi ko‘p milliard dollarlik «yashirin tarmoq» tarkibida ishlatganini da’vo qildi.

AQSh harbiylari zarba berishdan avval tankerlar ekipajlariga kemalarni tark etish haqida ko‘rsatma berilganini ma’lum qildi. Hozircha hujumlar oqibatida qurbonlar borligi haqida ma’lumot berilmagan.

Hujum AQSh harbiy kemasiga raketa uchirilganidan keyin amalga oshirildi

CENTCOMning tushuntirishicha, operatsiyaga so‘nggi ikki kun davomida IRGC AQSh Harbiy-dengiz kuchlari kemasini ikki marta ballistik raketalar bilan nishonga olishga uringani sabab bo‘lgan.

AQSh tomonining bildirishicha, harbiy kema hujumlardan qochishga muvaffaq bo‘lgan va mintaqaviy suvlardagi patrul faoliyatini davom ettirgan. Hodisa vaqtida amerikalik harbiylar jabrlanmagan.

Eron ommaviy axborot vositalari esa mamlakat janubidagi Jask porti hamda Xarg oroli yaqinida portlash ovozlari eshitilganini xabar qildi. Har ikki hudud Eron neft eksporti uchun muhim infratuzilma hisoblanadi.

Eron javob hujumlari bilan tahdid qildi

AQSh zarbalaridan so‘ng Eron tomoni javob choralari ko‘rilishini e’lon qildi. Eron davlat OAV mamlakat Iordaniyadagi AQSh obyektlari tomon raketalar uchirganini ma’lum qildi. Iordaniya armiyasiga ko‘ra, mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimlari Eron tomonidan uchirilgan 20 ta ballistik raketaning 18 tasini urib tushirgan. Qolgan ikki raketa aholi yashamaydigan hududlarga qulagan.

Iordaniya AQShning mintaqadagi ittifoqchilaridan biri bo‘lib, mamlakat hududida Amerika harbiy infratuzilmasi ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Eron urushi amerikaliklarga 100 mlrd dollarga tushgani haqida yozgan edi.

Shuningdek