Chevrolet yana bir avtomobiliga chegirma e’lon qildi

9-sentabr 2026 07:05 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet yana bir avtomobiliga chegirma e’lon qildi
Foto: depositphotos

AQShda 2026-yilgi Chevrolet Tahoe avtomobillari uchun sentabr oyiga mo‘ljallangan yangi moliyalashtirish shartlari e’lon qilindi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Xaridorlarga avtomobilni yillik 5,9 foiz stavkada 60 oygacha bo‘lgan muddatga kredit asosida xarid qilish imkoniyati taklif etilmoqda. Aksiya GM Financial orqali moliyalashtirilgan avtomobillarga tatbiq etiladi.

Taklif 2026-yil 30-sentabrgacha amal qiladi. Shu bilan birga, kompaniya ayrim hududlardagi dilerlik markazlarida Tahoe uchun lizing dasturlari ham mavjudligini bildirgan.

Chevrolet Tahoe narxi qancha

Foto: Chevrolet

2026-yilgi Chevrolet Tahoe AQSh bozorida bir nechta komplektatsiyada sotilmoqda. Modelning boshlang‘ich narxi $63,5 ming atrofidan boshlanadi, eng yuqori High Country versiyasi esa qariyb $82 ming turadi. Ushbu narxlarga $2 795 miqdoridagi avtomobilni yetkazib berish to‘lovi ham kiritilgan.

Tahoe’ning LS versiyasi $63 495, LT komplektatsiyasi $66 495, RST esa $71 495 dan taklif qilinmoqda. Z71 versiyasining boshlang‘ich narxi $73 495, Premier uchun $78 395, High Country uchun esa $81 995 etib belgilangan.

2026-yilgi Tahoe qanday yangiliklarga ega

Chevrolet 2026-yilgi Tahoe uchun bir nechta yangi opsiyalarni taqdim etdi. Ular orasida RST Dark Essentials paketi, Cabin Glance kamera tizimi va GM Key Card texnologiyasi bor. Dark Essentials avtomobil tashqi ko‘rinishiga ko‘proq qora dekor elementlari hamda 24 dyuymli qora g‘ildirak disklarini qo‘shadi.

Foto: Chevrolet

Cabin Glance tizimi haydovchiga markaziy multimedia ekrani orqali orqa o‘rindiqlardagi vaziyatni kuzatish imkonini beradi. GM Key Card esa bank kartasi o‘lchamidagi elektron kalit bo‘lib, uning yordamida avtomobil eshiklarini ochish, qulflash va dvigatelni ishga tushirish mumkin.

Bundan tashqari, Tahoe va Suburban modellari uchun yuk tashishga mo‘ljallangan yangi Adventure paketlari ham taklif etilmoqda. 2025 va 2026-yilgi modellarga Surround Vision Recorder funksiyasi ham joriy qilinmoqda.

Dvigatellar o‘zgarishsiz qoldi

2026-yilgi Chevrolet Tahoe dvigatellari avvalgi model yiliga nisbatan o‘zgarmagan. Bazaviy versiyada 5,3 litrli V8 benzinli motor qo‘llanadi. U 355 ot kuchi va 519 Nm atrofidagi aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi.

Kuchliroq 6,2 litrli V8 dvigatel 420 ot kuchiga ega. Bundan tashqari, xaridorlarga 3,0 litrli olti silindrli Duramax turbodizel motori ham taklif qilinadi. Ushbu dvigatel 305 ot kuchi ishlab chiqaradi va Tahoe’ning eng yuqori aylantiruvchi momentga ega variantlaridan biri hisoblanadi.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Bolt uchun sentabr chegirmalari e’lon qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek