Endi bir bankdagi kibertahdid haqida boshqa banklar ham ogohlantiriladi

eʼlon qilindi
Tizimga 59 ta tashkilot ulangan
Endi bir bankdagi kibertahdid haqida boshqa banklar ham ogohlantiriladi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda moliya bozori ishtirokchilari o‘rtasida kibertahdidlar haqida real vaqt rejimida axborot almashish tizimi ishga tushirildi. Endi bir bankda aniqlangan fishing havolasi, zararli internet-resurs yoki boshqa kiberxavf haqida boshqa bank va to‘lov tashkilotlari ham tezkor ogohlantiriladi.

Yangi tizim Markaziy bankning «CERT-CBU» Kiberxavfsizlik markazi tomonidan tegishli davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda joriy etildi.

Tizim qanday ishlaydi

Masalan, bir bank yangi fishing havolasi, zararli sayt, shubhali IP-manzil yoki kiberhujum bilan bog‘liq boshqa xavfni aniqlasa, bu haqdagi ma’lumot tizimning boshqa ishtirokchilariga ham real vaqt rejimida yuboriladi.

Natijada boshqa bank va to‘lov tashkilotlari tahdid ularning tizimi yoki mijozlariga zarar yetkazishidan oldin himoya choralarini ko‘rishi mumkin.

Tizimga 59 ta tashkilot ulangan

Hozirda tizimga barcha 35 ta tijorat banki, 2 ta to‘lov tizimi operatori, valyuta birjasi, KATM kredit byurosi hamda 20 ta to‘lov tashkiloti ulangan.

To‘lov tashkilotlari qatorida ATTO, Alif, Atmos, Beelab, Choykhona, Click, Freedom Pay, Open, Global Solutions, Oson, Paylov, Payme, Paynet, Payze, Plum Technologies, Infinity Pay, Sello, O‘zbekiston Pochtasi, Uzum Nasiya va Devhub bor.

Shuningdek o‘qing: O‘zbekiston davlat idoralariga kiberhujumlar uyushtirilgani aytilmoqda

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, yangi mexanizm bir tashkilotda aniqlangan kibertahdidni boshqa moliya tashkilotlari uchun erta ogohlantirish signaliga aylantiradi.

Bu kibertahdidlarning moliya tizimi bo‘ylab tarqalish xavfini kamaytirish, ularga tezkor javob berish va mijozlarni samaraliroq himoyalashga xizmat qiladi.

Markaziy bank firibgarlardan ogohlantirdi

Markaziy bank fuqarolarni uning nomidan qo‘ng‘iroq qilib, bank kartasi ma’lumotlari, SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlari yoki pul o‘tkazishni so‘raydigan shaxslarga ishonmaslikka chaqirdi.

Bank kartasining maxfiy ma’lumotlari va tasdiqlash kodlarini begona shaxslarga bermaslik tavsiya etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sherzod Shermatov 15 million kishining ma’lumoti sizib chiqqani haqidagi xabarlarni rad etgandi. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, 27 – 30-yanvar kunlari uchta davlat idorasiga uyushtirilgan kiberhujumlar natijasida 60 mingga yaqin fuqarolarning ma’lumotlari sizib chiqqan.

Shuningdek