
General Motors ayrim 2027-yilgi Chevrolet Bolt elektromobillarida batareya boshqaruv tizimi bilan bog‘liq dasturiy muammo aniqlangani sababli servis yangilanishini e’lon qildi. GM Authority’ga ko‘ra, muammo yuqori kuchlanishli asosiy batareya va 12 voltli akkumulyator quvvatining kutilmaganda kamayishiga olib kelishi mumkin.
Kompaniya dilerlarga zararlangan avtomobillarda Battery Energy Control Module boshqaruv modulini qayta dasturlash va batareyani to‘liq quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Muammo nimada
GM ma’lumotiga ko‘ra, ayrim Chevrolet Bolt avtomobillarida Rechargeable Energy Storage System, ya’ni asosiy yuqori kuchlanishli batareyani boshqaruvchi dasturiy ta’minot xato ishlashi mumkin.

Natijada nafaqat asosiy tortish batareyasi, balki avtomobilning past kuchlanishli 12 voltli akkumulyatori ham quvvatini yo‘qotishi ehtimoli bor.
Shu bilan birga, kompaniya batareyaning o‘zi yoki boshqa jismoniy qismlarni almashtirish talab qilinmasligini bildirgan.
Modul qayta dasturlanadi
Servis davomida mutaxassislar Battery Energy Control Module’ni yangilangan dasturiy ta’minot bilan qayta dasturlaydi.
Dasturlash vaqtida avtomobilga 12 voltli batareya quvvatini saqlab turuvchi qurilma ulanadi. Bunga sabab ayrim avtomobillarda asosiy batareya zaryadi allaqachon past bo‘lishi mumkin.
Batareya 100 foizgacha quvvatlanadi

Modul yangilangandan keyin diler avtomobilning yuqori kuchlanishli batareyasini 100 foizgacha quvvatlashi kerak.
Avtomobil ekranida Charge Complete yozuvi paydo bo‘lishi talab etiladi. Bu jarayon batareya yacheykalarini muvozanatlash dasturini qayta ishga tushirish uchun kerak.
Quvvatlash Level 1, Level 2 yoki tezkor DC quvvatlagich orqali amalga oshirilishi mumkin. GM ayrim avtomobillar odatdagidan sekinroq quvvatlanishi mumkinligini ham qayd etgan.
Shuningdek o‘qing: Chevrolet yana bir avtomobiliga chegirma e’lon qildi
Alohida servis tashrifi talab qilinmaydi
GM bu kampaniya uchun mijozdan faqat shu muammo sababli alohida dilerga borishni talab qilmaydi. Yangilanish avtomobil navbatdagi rejalashtirilgan servisga kelganida amalga oshirilishi mumkin.

Servis kampaniyasi 2028-yil 31-iyulgacha amal qiladi. Ishlar faqat elektromobillar bilan ishlash bo‘yicha tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislar mavjud rasmiy dilerlik markazlarida bajariladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Bolt uchun sentabr chegirmalari e’lon qilingandi. Takliflar 30-sentabrgacha amal qiladi va ayrim shartlar faqat GM Financial orqali moliyalashtirishda qo‘llanadi.