
Honor Xitoyda yangi Magic 9 flagman smartfonlari uchun oldindan buyurtmalarni ochdi. IT Home’ga ko‘ra, eng kuchli Magic 9 Pro Max modeli ikkita 200 megapikselli kamera va 500 mm ekvivalent fokus masofasiga ega telekonverter bilan jihozlanadi.
Smartfonlarning to‘liq taqdimoti 28-sentabr kuni Pekinda bo‘lib o‘tadi. Hozircha kompaniya, asosan, Magic 9 Pro Max’ning kamera imkoniyatlarini oshkor qilgan.
Magic 9 Pro Max’ning asosiy kamerasi 200 megapikselli 1/1,28 dyuymli sensor bilan jihozlanadi. Obyektiv diafragmasi f/1,57 bo‘ladi. Shuningdek, harakat paytida va uzoq ekspozitsiyada suratga olish sifatini yaxshilash uchun kuchli stabilizatsiya tizimi qo‘llanadi.
Periskop kamera ham 200 MP
Ikkinchi 200 megapikselli kamera periskop teleobyektiv bilan ishlaydi. Bu modul 1/1,4 dyuymli sensor va f/2,6 diafragmaga ega bo‘ladi.
Honor Magic 9 Pro modelining kamera xususiyatlari esa hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Shuningdek, o‘qing: Narx va unumdorlik bo‘yicha eng yaxshi smartfon qaysi
500 mm telekonverter ham taklif qilinadi
Honor mobil fotografiya uchun alohida optik aksessuarlar ham tayyorlagan.
Ular orasida 500 mm ekvivalent fokus masofasiga ega Honor Mega Teleconverter hamda 200 mm ko‘rsatkichli ixcham Thumb Teleconverter bor. Ikkinchi aksessuar uzunligi taxminan 81 mm, og‘irligi esa 88 grammni tashkil etadi.
JD.com orqali oldindan buyurtma bergan xaridorlarga bir yillik ekran sug‘urtasi, ikki yillik batareya servis dasturi va Honor Band 11 Lite fitnes bilaguzugi taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Honor 600e taqdimotdan oldin testlarda paydo bo‘lgani ma’lum qilingandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon MediaTek Dimensity 7100 protsessori bilan jihozlanadi. U 6 nm texnologiyada ishlab chiqilgan va 8 yadrodan iborat.