Smart #2 elektromobili Xitoy ko‘chalarida sinovda ko‘rindi

9-sentabr 2026 08:38 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Smart #2 elektromobili Xitoy ko‘chalarida sinovda ko‘rindi
Foto: Smart

Smart brendining yangi Smart #2 elektromobili Xitoyning Pekin, Shanxay va Shenchjen shaharlarida kamuflyajlangan holda sinovdan o‘tkazilayotgani kuzatildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Ikki o‘rindiqli ixcham elektromobil Mercedes-Benz dizayn jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uning rasmiy taqdimoti oktabr oyidagi Parij avtosalonida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Yangi model Smart’ning kichik o‘lchamli elektromobillar uchun maxsus ishlab chiqilgan ECA elektr platformasiga asoslangan.

Ikki o‘rindiqli ixcham elektromobil

Smart #2 brendning avvalgi ixcham modellariga xos ikki eshikli va ikki o‘rindiqli kuzov tuzilishini saqlab qoladi. Avtomobilning old qismida o‘ziga xos shakldagi faralar va yopiq radiator panjarasi qo‘llangan.

Orqa qismida esa dumaloq fonarlar va ikki rangli tom dizayni ko‘zga tashlanadi. Sinov avtomobillari qalin kamuflyaj bilan qoplangan bo‘lsa-da, modelning umumiy ixcham shakli allaqachon ko‘rinib turibdi.

Smart #2 uchun ishlab chiqilgan ECA platformasi avtomobilning burilish diametrini atigi 6,95 metrga tushirish imkonini bergan. Bu, ayniqsa, tor shahar ko‘chalarida harakatlanish va avtomobilni to‘xtash joyiga joylashtirishni yengillashtirishi mumkin.

Smart #2 o‘lchamlari ma’lum bo‘ldi

Foto: Smart China

Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi hujjatlariga ko‘ra, Smart #2 ikki xil kuzov uzunligida ishlab chiqariladi. Birinchi versiyaning uzunligi 2 751 millimetr, ikkinchisiniki esa 2 764 millimetrni tashkil etadi.

Har ikkala variantning eni 1 669 millimetr, balandligi 1 555 millimetr bo‘ladi. G‘ildirak bazasi esa 1 875 millimetrga teng.

Elektromobilning jihozlangan holatdagi vazni 1130 kilogrammni tashkil qiladi. Modelning maksimal tezligi 140 km/soat etib ko‘rsatilgan.

80 ot kuchiga ega elektr motor

Smart #2 60 kVt quvvatli elektr motor bilan jihozlanadi. Bu taxminan 80 ot kuchiga teng.

Elektromobilda CATL kompaniyasi yetkazib beradigan litiy-temir-fosfat, ya’ni LFP turidagi akkumulyator elementlaridan foydalaniladi.

Shuningdek, model standart tarzda hodisalar haqidagi ma’lumotlarni qayd etuvchi Event Data Recorder tizimi bilan ta’minlanadi. Elektron yo‘l to‘lovi uchun mo‘ljallangan ETC qurilmasi esa qo‘shimcha opsiya sifatida taklif qilinadi.

Bir quvvatlashda qariyb 300 km yuradi

Smart #2 35,7 kVt·soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotlariga ko‘ra, elektromobil WLTP sikli bo‘yicha bir marta to‘liq quvvatlanganda qariyb 300 kilometr masofa bosib o‘tishi mumkin.

Doimiy tokdagi tezkor quvvatlash stansiyasidan foydalanilganda akkumulyatorni 10 foizdan 80 foizgacha taxminan 20 daqiqada quvvatlash mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet yana bir avtomobiliga chegirma e’lon qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek