Tank 700 LWB avtomobili qanday yangilandi

9-sentabr 2026 16:41 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Tank 700 LWB avtomobili qanday yangilandi
Foto: MIIT

Great Wall Motor kompaniyasining uzaytirilgan bazaga ega yangi Tank 700 LWB modeli Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi hujjatlarida paydo bo‘ldi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar berdi.

Yangi versiya 5 445 mm uzunlikka ega bo‘lib, olti o‘rindiqli salon bilan taklif etiladi. Model uchun 2,0 litrli gibrid va 3,0 litrli V6 dvigatel variantlari ko‘zda tutilgan.

Yangi Tank 700 LWB o‘lchamlari va uch qatorli salon konfiguratsiyasi bo‘yicha Xitoydagi eng yirik yo‘ltanlamaslar qatoriga kiradi. U, xususan, BYD’ning Yangwang U8L modeli bilan bir segmentda raqobatlashishi kutilmoqda.

Foto: MIIT

Kuzov uzunligi 5,4 metrdan oshdi

Oddiy Tank 700’ning uzunligi 5 105 mm bo‘lsa, LWB versiyasida bu ko‘rsatkich 5 445 mm gacha oshirilgan. Ya’ni yangi model avvalgi versiyadan 340 mm uzunroq. Eni 2 126 mm, balandligi 2 021 mm, g‘ildirak bazasi esa 3 150 mm ni tashkil qiladi.

Shuningdek, g‘ildirak bazasi standart modelga nisbatan 150 mm ga uzaytirilgan. Buning hisobiga avtomobil saloni uch qatorli 2+2+2 sxemasiga o‘tkazilgan. Ikkinchi qatorda alohida kapitan o‘rindiqlari joylashtirilgan.

Modelning jihozlangan holatdagi og‘irligi versiyasiga qarab 3 396 kilogrammdan 3 480 kilogrammgacha yetadi. Shuningdek, Tank 700 LWB tormoz tizimi bilan jihozlangan 2 500 kilogrammgacha tirkamani torta oladi.

Foto: MIIT

Tashqi ko‘rinish keskin o‘zgarmagan

Uzaytirilgan versiyada Tank 700’ga xos burchakli g‘ildirak arkalari, tik kuzov chiziqlari va yirik proporsiyalar saqlanib qolgan. Orqa yuk eshigi yon tomonga ochiladi va uning tashqi qismida zaxira g‘ildirak uchun yopiq qoplama o‘rnatilgan.

Shuningdek, avtomobil orqa diffuzor bezagi va haydovchiga yordam beruvchi kameralar joylashtirilgan tom spoileri bilan jihozlanadi. Hujjatlarda 20 va 22 dyuymli g‘ildirak disklari ham qayd etilgan.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet avtomobilida muammo aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek