Tramp Kanadaga qarshi 50 foizlik boj va import taqiqini joriy etdi

eʼlon qilindi
Import taqiqi 29-sentabrdan kuchga kiradi
Tramp Kanadaga qarshi 50 foizlik boj va import taqiqini joriy etdi
Foto: Pexels

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada bilan savdo ziddiyatlari kuchayib borayotgan bir paytda mamlakatdan olib kiriladigan ayrim mahsulotlarga 50 foizlik boj va bir qator tovarlarga import taqiqini joriy etishini e’lon qildi. Bu qaror Kanada AQSh mahsulotlariga javob tariflarini kuchga kiritganidan bir kun o‘tib qabul qilindi.

Yangi cheklovlar Kanada sut mahsulotlari, mototsikllar va alkogolli ichimliklarini AQSh bozoriga olib kirishni taqiqlashni, ayrim boshqa mahsulotlarga esa 50 foizlik boj qo‘llashni nazarda tutadi.

Import taqiqi 29-sentabrdan kuchga kiradi

Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, Kanada sut mahsulotlari, mototsikllari va alkogolli ichimliklarini import qilishga qo‘yiladigan taqiq 29-sentabrdan kuchga kirishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Tramp Kanadadan olib kelinadigan matraslar, motorli qayiqlar va golf avtomobillariga 50 foizlik boj joriy etishni buyurdi. Ushbu tariflar 15-sentabrdan amal qila boshlaydi.

Bu AQSh va Kanada o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligining navbatdagi keskinlashuvi bo‘ldi.

Kanada avvalroq AQSh tovarlariga javob boji qo‘ygandi

Vashingtonning yangi choralaridan bir kun avval Kanada qariyb $20 mlrdlik AQSh mahsulotlariga 50 foizgacha bo‘lgan javob tariflarini kuchga kiritgan edi.

Ottavaning qarori AQSh bir oy avval Kanadaning ayrim mahsulotlariga 50 foizlik boj joriy qilganiga javoban qabul qilingan. Shunday qilib, ikki davlat o‘rtasidagi savdo nizosi o‘zaro tariflarning ketma-ket oshirilishiga olib kelmoqda.

Tramp nega importni cheklamoqda

Oq uy Kanada alkogolli ichimliklariga taqiq joriy etilishining sabablaridan biri sifatida Kanada provinsiyalarida AQSh alkogol mahsulotlariga qarshi boshlangan boykotlarni ko‘rsatdi.

Kanadaning bir qator hududlarida Amerika vinolari va boshqa alkogolli ichimliklar do‘kon peshtaxtalaridan olib tashlangan. Tramp bu harakatlarni AQSh ishlab chiqaruvchilariga nisbatan «kamsituvchi» deb atagan.

AQSh ma’muriyatining yuqori lavozimli vakili yangi cheklovlar Amerika ishlab chiqarishini himoya qilish, Kanadaning javob choralarini tiyib turish va ikki tomon uchun teng savdo sharoitlarini ta’minlashga qaratilganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Qozog‘istondagi kompaniyani «qora ro‘yxat»ga kiritgani haqida yozgan edi.

Shuningdek