Yaqin Sharqdagi urush sabab neft narxi «uchmoqda»

Jahon bozorida Brent markali neft narxi chorshanba kuni bir barrel uchun 100 dollardan oshdi. Bu haqda BBC tonggi savdolar natijalariga tayanib xabar bermoqda.
Narxlarning keskin ko‘tarilishiga AQSh va Eron o‘rtasidagi yangi zarbalar, shuningdek, Yamandagi husiylarning Saudiya Arabistonidagi neft infratuzilmasiga hujumlarini davom ettirayotgani sabab bo‘ldi.
BBC ma’lumotiga ko‘ra, Brent narxi so‘nggi marta iyul oxirida, AQSh va Eron o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi buzilgan paytda shunday darajada bo‘lgan. Keyinchalik kotirovkalar biroz pasayib, bir barrel uchun 99,90 dollar atrofida savdolangan, biroq Yaqin Sharqdagi yangi keskinlashuv narxlarni yana yuqoriga olib chiqishi mumkin.
AQSh Eronning beshta tankeriga zarba berdi
Neft narxlaridagi navbatdagi sakrash AQSh Eron bilan bog‘liq beshta neft tankeriga zarba berganidan keyin kuzatildi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, operatsiya Eron AQSh harbiy kemasini ballistik raketalar bilan nishonga olishga uringanidan keyin amalga oshirilgan. To‘rtta tanker Ummon ko‘rfazida, yana biri esa Eronning neft eksporti uchun strategik ahamiyatga ega Xarg oroli yaqinida nishonga olingan.
AQSh tomoni hujumga uchragan tankerlarni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini va uning mintaqadagi ittifoqchilarini moliyalashtiruvchi milliardlab dollarlik yashirin tarmoqning bir qismi deb atagan.
Keyinchalik CENTCOM zarba berilgan M/T Riesco tankeri Ummon ko‘rfazida cho‘kib ketganini ma’lum qildi.
Eron ham javob zarbalarini boshladi
Tehron AQSh harakatlariga javoban Iordaniyadagi Amerika harbiy bazasi tomon raketalar uchirdi. Iordaniya qurolli kuchlari vakiliga ko‘ra, mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimi Eron tomonidan uchirilgan 20 ta raketaning 18 tasini urib tushirgan. Qolgan ikki raketa aholi yashamaydigan hududlarga qulagan.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa chorshanba kuni Hormuz bo‘g‘ozida AQShning ikki kemasi, sakkizta neft tankeri va bo‘g‘ozdan o‘tishga uringan yana o‘nta kemaga hujum qilganini bildirdi.
Bu bayonotlar fonida Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar yanada kuchaydi.
Husiylar Saudiya Arabistoniga hujumlarni davom ettirmoqda
Neft bozoriga yana bir bosim Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi qarama-qarshilikdan kelmoqda.
BBC ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi norasmiy sulh iyul oyida buzilganidan keyin o‘zaro zarbalar qayta boshlangan. Husiylar Saudiya Arabistoni aeroportlari, neft obyektlari va Qizil dengizdagi tankerlarga raketa hujumlari uyushtirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Neft narxi 120 dollargacha ko‘tarilishi mumkinligi haqida yozgan edi.