Zangiotada $85 mlnlik energiya saqlash tizimi ishga tushdi

eʼlon qilindi
Bir sutkada ikki marta 350 MVt/soat energiyadan foydalanish mumkin
Zangiotada $85 mlnlik energiya saqlash tizimi ishga tushdi
Foto: Energetika vazirligi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 175 MVt quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi tarmoqqa ulandi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi obyekt $85 mlnlik xorijiy investitsiya hisobiga barpo etilgan.

Tizim sentabr oxirigacha to‘liq quvvatda ishlaydi

Energetika vaziri Sherzod Xodjayev 4-sentabr kuni mazkur obyektga tashrif buyurib, energiya saqlash tizimini ishga tushirish va elektr tarmog‘iga ulash jarayoni bilan tanishdi.

Hozirda tizim tarmoqqa ulangan. Uni sentyabr oyi yakuniga qadar to‘liq quvvatda ishlatish rejalashtirilgan.

Elektr tarmog‘ini tig‘iz vaqtlarda barqarorlashtiradi

Foto: Energetika vazirligi

Yangi energiya saqlash tizimining asosiy vazifasi elektr energiyasiga talab yuqori bo‘ladigan tig‘iz soatlarda tarmoq yuklamasini barqarorlashtirishdan iborat.

Tizim elektr energiyasini oldindan zaxiralab, talab oshgan paytda uni tarmoqqa qayta uzatish imkonini beradi. Bu esa elektr ta’minotidagi keskin yuklamalarni yumshatishga xizmat qiladi.

Bir sutkada ikki marta 350 MVt/soat energiyadan foydalanish mumkin

Loyiha doirasida bir sutkada ikki marta, har safar ikki soat davomida 175 MVt quvvat berish imkoniyati yaratilgan.

Bu bir siklda 350 MVt/soat hajmdagi elektr energiyasidan foydalanish mumkinligini anglatadi. Tizim sutka davomida ikki marta to‘liq ishlatilsa, elektr tarmog‘idagi tig‘iz davrlarni qoplash uchun sezilarli qo‘shimcha imkoniyat yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qashqadaryoda yangi «Patron» gazkondensat koni ishga tushirilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek