
Chevrolet kompaniyasi 2027-yilgi Chevrolet Blazer EV uchun yangi kuzov rangini taqdim etdi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
White Sands deb nomlangan och bej tusli rang elektromobilning LT va RS komplektatsiyalarida qo‘shimcha to‘lovsiz taklif qilinadi. Yangi rang 2027-yilgi Blazer EV model qatoridagi asosiy yangiliklardan biri bo‘lib, u avval taklif qilingan Galaxy Gray Metallic kulrangining o‘rnini qisman egallaydi.
White Sands faqat LT va RS versiyalarida bo‘ladi

White Sands rangining zavod kodi G42, mos bo‘yoq kodi esa WA-234L sifatida ko‘rsatilgan.
Chevrolet ushbu rangni Blazer EV’ning LT va RS komplektatsiyalarida taklif qiladi. Yuqori unumdorlikka mo‘ljallangan SS versiyasida esa White Sands mavjud bo‘lmaydi.
Xaridorlar och bej kuzovni qora rangdagi tom bilan birlashtirishlari ham mumkin. Qora tomning RPO kodi 41T bo‘lib, bu kombinatsiya avtomobilga ikki rangli ko‘rinish beradi.
2027-yilgi Blazer EV sakkiz xil rangda taklif qilinadi
Yangilangan model qatorida jami sakkizta kuzov rangi mavjud. Ular orasida Black, Habanero Orange, Polar White Tricoat, Radiant Red Tintcoat, Riptide Blue Metallic, Sterling Gray Metallic, Summit White va yangi White Sands bor.

White Sands rangini LT va RS komplektatsiyalarida mavjud barcha salon ranglari hamda o‘rindiq qoplamalari bilan birlashtirish mumkin.
Texnik platforma o‘zgarmagan
2027-yilgi Chevrolet Blazer EV avvalgidek GM BEV3 elektr platformasiga asoslangan.
Model ishlab chiqarilishi Meksikadagi General Motors’ning Ramos Arispe zavodida davom ettiriladi. 2027-yilgi yangilanish Blazer EV’ning texnik asosini emas, asosan tashqi ko‘rinish va rang tanlovini kengaytirishga qaratilgan.
Avvalroq UzAuto Motors birinchi Chevrolet gibrid avtomobilini sotishi xabar berilgandi.