Davlat xaridlarida narxlar so‘nggi 90 kun bo‘yicha aniqlanadi

O‘zbekistonda davlat xaridi predmetining o‘rtacha bozor va boshlang‘ich narxini aniqlashning yangi tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Har bir xarid bo‘yicha bozor narxi o‘rganiladi
Nizomga ko‘ra, davlat buyurtmachisi har bir davlat xaridini amalga oshirishdan oldin xarid predmetining o‘rtacha bozor narxini o‘rganishi shart.
Bunda davlat xaridlari uchun ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanish, xarid qilinayotgan tovar, ish yoki xizmatning sifati, qiymati hamda undan olinadigan naf o‘rtasidagi maqbul nisbatni ta’minlash talab etiladi.
Shuningdek, xaridning maqsadga muvofiqligi va zarurligi, tanlanayotgan tovar yoki xizmatning xususiyatlari, xarid jarayonini o‘tkazish xarajatlari hamda narxning asoslanganligi hisobga olinadi.
Narxlar so‘nggi 90 kunlik ma’lumotlar asosida shakllantiriladi
Xarid qilish tartib-taomillari boshlanishidan oldin davlat buyurtmachisi maxsus narxlar moduli orqali o‘rtacha bozor narxini aniqlaydi.
Buning uchun aynan shu xarid predmeti bo‘yicha so‘nggi 90 kun davomida shakllangan bozor narxlari haqidagi ma’lumotlardan foydalaniladi.
Shu tariqa, davlat xaridining boshlang‘ich narxini belgilashda nisbatan yangi bozor ma’lumotlariga tayanish nazarda tutilmoqda.
Elektron ma’lumotnoma shakllantiriladi
Xarid predmetining o‘rtacha bozor va boshlang‘ich narxi bo‘yicha elektron ma’lumotnoma namunaviy shaklda rasmiylashtiriladi.
Unda xarid predmeti, narxni o‘rganishda foydalanilgan manbalar, tovarlar, ishlar yoki xizmatlar haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, o‘rtacha bozor va boshlang‘ich narxni aniqlash bo‘yicha hisob-kitoblar aks ettiriladi.
Tartib 2028-yil oxirigacha amal qiladi
Hukumat tasdiqlagan vaqtinchalik nizom 2028-yil 31-dekabrgacha amal qiladi. Mazkur davr davomida davlat buyurtmachilari xaridlarning boshlang‘ich narxlarini belgilashda yangi tartib va narxlar modulidan foydalanishi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Humo Air’ning 100 foizlik ulushi yana sotuvga qo‘yilishi haqida yozgan edi.