Google Finlyandiyaga 13 mlrd yevro sarmoya kiritadi

Google Finlyandiyada sun’iy intellekt infratuzilmasini kengaytirish uchun 13 mlrd yevro ($15,1 mlrd) sarmoya kiritishini ma’lum qildi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Kompaniya, shuningdek, mamlakatdagi atom elektr stansiyasida ishlab chiqariladigan energiyaning bir qismini uzoq muddat davomida sotib olish bo‘yicha kelishuv tuzdi.
Mazkur loyiha Google’ning Yevropa Ittifoqidagi hozirgacha e’lon qilgan eng katta bir martalik investitsiyasi hisoblanadi. Alphabet 2026-yilda sun’iy intellekt sohasidagi raqobat kuchayishi fonida global investitsiyalarini qariyb $200 mlrdgacha oshirgan.
Investitsiya 2027/2028-yillarda amalga oshiriladi
Google ma’lumotlariga ko‘ra, 13 mlrd yevrolik sarmoya 2027 va 2028-yillarda yo‘naltiriladi. Mablag‘lar ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish, elektr tarmoqlarini takomillashtirish, toza energiya hamda batareya loyihalariga sarflanishi rejalashtirilgan.
Ushbu infratuzilma kompaniyaning sun’iy intellektga asoslangan xizmatlari, qidiruv tizimi va xaritalar xizmatining ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.
Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, investitsiya Finlyandiya yalpi ichki mahsulotiga qariyb 3,6 mlrd yevro qo‘shishi hamda 37 mingta ish o‘rni yaratishi mumkin. Shundan 7 mingtasi doimiy ish o‘rni bo‘lishi, qolganlari esa qurilish davrida yaratilishi kutilmoqda.
Google Finlyandiyada yangi ma’lumotlar markazlarini ochadi
Google Finlyandiyadagi faoliyatini 2009-yildan buyon kengaytirib kelmoqda. O‘sha yili kompaniya Hamina shahridagi sobiq qog‘oz zavodini ma’lumotlar markaziga aylantirgan.
Endilikda kompaniya Haminadagi majmuani yanada kengaytirish bilan birga Kajaani, Muhos va Vaala hududlarida uchta yangi ma’lumotlar markazini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Google’ning Finlyandiyadagi operatsiyalar bo‘yicha direktori Antti Yarvinen kompaniya Haminadagi maydonni sezilarli darajada kengaytirishi va yana uchta hududda ma’lumotlar markazlari faoliyatini boshlashini ma’lum qilgan.
Finlyandiyaning sovuq iqlimi bunday markazlarni joylashtirish uchun qulay omillardan biri hisoblanadi. Past harorat serverlarni sovitishga sarflanadigan energiya miqdorini kamaytiradi. Mamlakatda atom, shamol va gidroenergetika manbalarining mavjudligi ham texnologik kompaniyalar e’tiborini tortmoqda. Microsoft va TikTok’ka egalik qiluvchi ByteDance ham Finlyandiyada ma’lumotlar markazlarini rivojlantirmoqda.
Google atom elektr stansiyasi energiyasining yarmini sotib oladi
Kelishuvning yana bir muhim qismi atom energiyasi bilan bog‘liq. Google Finlyandiyadagi Loviisa atom elektr stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 50 foizini 22 yil davomida sotib olish bo‘yicha Fortum kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi.
Google prezidenti va investitsiyalar bo‘yicha direktori Rut Poratning ta’kidlashicha, bu kompaniyaning AQShdan tashqarida tuzgan ilk atom energiyasi bo‘yicha kelishuvidir.
Fortum va Google, shuningdek, Finlyandiyada yangi atom va qayta tiklanuvchi energetika loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganadi.
Fortum ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuv Loviisa atom elektr stansiyasining amaldagi litsenziyalari tugaydigan 2050-yilgacha ishlashini davom ettirish imkonini beradi. Hozir ushbu stansiya Finlyandiyada ishlab chiqariladigan elektr energiyasining qariyb 10 foizini ta’minlaydi.
Avvalroq «Kursiv» Google Gemini 3.7 Flash modelini taqdim etgani haqida yozgan edi.