
Xitoyning Li Auto kompaniyasi yangi flagman elektr krossoveri – Li Auto i9 modelini 16-sentabr kuni rasman taqdim etadi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Avtomobil brendning «Home» seriyasidagi ikkinchi model bo‘lib, Li Auto Mega Home’dan keyin bozorga chiqadi. Kompaniya bosh direktori Li Syan avtomobil salonining ilk tasvirlarini ham namoyish etdi. Unda o‘rindiqlarni aylantirib, yo‘lovchilarni bir-biriga yuzma-yuz joylashtirish imkoniyati ko‘zda tutilgan.
Olti o‘rinli yirik elektr krossover
Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Li i9 olti o‘rinli to‘liq elektr krossover hisoblanadi.

Modelning uzunligi 5 225 mm, kengligi 1 970 mm, balandligi esa 1 752 mmni tashkil qiladi. G‘ildirak bazasi 3 168 mmga teng. Bu ko‘rsatkichlar i9’ni Li Auto model qatoridagi eng yirik avtomobillardan biriga aylantiradi.
Avtomobil ikki elektromotor bilan jihozlanadi. Old qismdagi motor maksimal 150 kVt yoki 201 ot kuchi, orqa elektromotor esa 250 kVt yoki 335 ot kuchi quvvat ishlab chiqaradi. Shunday qilib, ikki motorning umumiy maksimal quvvati 400 kVtga yetadi.
Bir quvvatlashda 800 km dan ortiq yurishi kutilmoqda
Li i9 uch komponentli litiy-ion batareyadan foydalanadi. Batareya elementlarini Sunwoda va CATL yetkazib beradi, tayyor batareya blokini esa Li Auto kompaniyasining o‘zi yig‘adi.
120 kVt/soat sig‘imli akkumulyator bilan avtomobilning CLTC standartidagi yurish zaxirasi 800 km dan oshishi kutilmoqda. WLTP sikli bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich 648 km atrofida bo‘ladi.
Kompaniya yangi modelni dastlab CATL batareyalari bilan ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Keyinchalik Sunwoda tomonidan ishlab chiqariladigan batareyali versiyalar ham paydo bo‘ladi.

Li Auto o‘z batareyalariga o‘tmoqchi
Li Auto kelajakda CATL batareyalaridan bosqichma-bosqich voz kechib, o‘zi ishlab chiqqan akkumulyator texnologiyasiga o‘tishni rejalashtirmoqda. Kompaniyaning yangi batareyalarini Sunwoda va CALB ishlab chiqarishi ko‘zda tutilgan.
Bunday qaror kompaniyaning avvalgi modellari bilan bog‘liq tajribasidan keyin qabul qilindi. Jumladan, Li i8 modelida CATL va Sunwoda batareyalari bir xil narxda taklif qilingan hamda xaridorlarga tasodifiy tartibda yetkazilgan. Mijozlarning noroziligidan so‘ng kompaniya Sunwoda batareyali i8 versiyasidan voz kechgan.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet yana bir avtomobiliga chegirma e’lon qilgani haqida yozgan edi.