Namangan va Andijonda 3 ming dona Regapen musodara qilindi

Namangan va Andijon viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar aniqlandi. Tezkor tadbirlar davomida jami 3 094 dona «Regapen» ashyoviy dalil sifatida olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
938 dona dori $7,7 mingga sotilayotgan paytda ushlandi
Departamentning Pop tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro 938 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini boshqa fuqaroga $7,7 mingga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shundan so‘ng undan yana 1 848 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topilib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida u ushbu dori vositalarini ilgari sudlangan tanishi bilan Farg‘ona shahridan sotib olgani aniqlangan.
Dorilar lokatsiyalar bo‘yicha yashirilgan
Departament ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilar o‘rtasida vazifalar taqsimlangan shaxs dori vositalarini olib kelgach, ularni berilgan lokatsiyalar bo‘yicha joylashtirish va saqlash bilan shug‘ullangan.
Tanishi esa mijozlarni topish va dori vositalarini sotish vazifasini bajargan.
Mazkur holat bo‘yicha Pop tumanidagi tezkor tadbir davomida jami 2 786 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Andijonda 308 dona «Regapen» xonadondan topildi
Shuningdek, Departamentning Baliqchi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaroning «Navro‘z» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi xonadoni ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv davomida u 308 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotish maqsadida saqlab kelgani aniqlangan. Dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-6-moddasi – giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Sirdaryoda 1 mlrd so‘mlik budjet mablag‘i talon-toroj qilingani haqida yozgan edi.