O‘zbekistonda kriptoaktivlar bozori uchun nima muhim — Binance tadqiqoti

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Tadqiqot 2026-yil iyul-avgust oylarida o‘tkazilgan
O‘zbekistonda kriptoaktivlar bozori uchun nima muhim — Binance tadqiqoti
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda kriptoaktivlar bozorining keyingi rivojlanishiga moliyaviy savodxonlikni oshirish, sodda moliyaviy mahsulotlar, mahalliy to‘lov infratuzilmasi va tartibga solinadigan xizmatlarga bo‘lgan ishonch yordam berishi mumkin. Bu haqda Binance mahalliy auditoriya orasida o‘tkazgan tadqiqoti yakunlarida ma’lum qildi.

Tadqiqot 2026-yil iyul–avgust oylarida o‘tkazilgan. Unda 2 mingdan ortiq respondent qatnashgan, shuningdek foydalanuvchilar bilan chuqurlashtirilgan suhbatlar tashkil etilgan.

Natijalarga ko‘ra, O‘zbekistondagi auditoriya kriptoaktivlar bilan tanish, biroq ulardan foydalanishda ehtiyotkor va amaliy yondashadi.

Bilim yetishmasligi asosiy to‘siqlardan biri

Tadqiqotda foydalanuvchilarning kriptoaktivlardan faolroq foydalanishiga nima xalaqit berayotgani ham o‘rganilgan.

Respondentlar tilga olgan to‘siqlarning 30,2 foizi bilim yetishmasligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Yana 21,9% holatda pul yo‘qotishdan qo‘rqish sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Binance xulosasiga ko‘ra, foydalanuvchilar uchun texnologiyaning o‘zidan ko‘ra mahsulotni tushunish va xatarlarni to‘g‘ri baholash muhimroq bo‘lib qolmoqda.

Chuqurlashtirilgan suhbatlarda qatnashganlar ham bilim yetishmasligini kriptoaktivlardan foydalanishga tayyorlikka ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri sifatida qayd etgan.

Foydalanuvchilarning 82,9 foizi yuqori xatarni istamaydi

Tadqiqot O‘zbekistondagi kriptoauditoriya moliyaviy xatarga nisbatan ehtiyotkor ekanini ko‘rsatgan.

Respondentlarning 82,9 foizi past yoki o‘rtacha darajadagi xatarni afzal ko‘rishini bildirgan. Yuqori xatarli mahsulotlarga qiziqish bildirganlar ulushi esa 12,3 foizni tashkil etgan.

Shu sabab kengroq auditoriya uchun murakkab savdo vositalaridan ko‘ra kriptoaktivlarni sotib olish va saqlash, spot operatsiyalar, steyblkoinlardan foydalanish hamda pul o‘tkazmalari tushunarliroq bo‘lishi mumkin.

So‘rovda taklif qilingan aktivlar orasida respondentlarning 51,4 foizi kriptoaktivlarga ko‘proq ishonishini bildirgan. Oltin va kumushni 18,3%, bank omonatlarini 10,4%, aksiyalarni esa 10,4% respondent tanlagan.

Shuningdek o‘qing: Kripto birjalar mijozlarni identifikatsiya qilishda uchinchi tomon xizmatlaridan foydalanishi mumkin

Steyblkoinlarga amaliy vosita sifatida qiziqish bor

Tadqiqot davomida ayrim suhbat ishtirokchilari raqamli aktivlardan dastlab savdo qilish uchun emas, balki pul o‘tkazish va hisob-kitoblar uchun foydalana boshlaganini aytgan.

Xususan, AQSh dollariga bog‘langan USDT kabi steyblkoinlar narxlarning keskin o‘zgarishidan xavotirlanadigan foydalanuvchilar uchun tushunarliroq vosita sifatida ko‘rilmoqda.

Respondentlarning 10,9 foizi xalqaro pul o‘tkazmalarini kriptoaktivlardan foydalanishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatgan.

Binance fikricha, steyblkoinlar foydalanuvchilarni raqamli aktivlar bilan tanishtiradigan amaliy vositalardan biriga aylanishi mumkin.

Mahalliy to‘lov imkoniyatlari ham muhim

Chuqurlashtirilgan suhbat qatnashchilari kriptoplatformaga O‘zbekiston bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali mablag‘ kiritish hamda yechib olish imkoniyatini muhim omillardan biri deb atagan.

Bu foydalanuvchilar uchun raqamli aktivlar bilan ishlashni kundalik moliyaviy xizmatlarga yaqinlashtiradi.

O‘zbekistonda kriptoaktivlar sohasidagi xizmat ko‘rsatuvchilar faoliyati tartibga solinadi. Binance mamlakat bozorida litsenziyaga ega mahalliy hamkor CoinPay orqali faoliyat yuritmoqda.

Tartibga solish ishonchni oshiradi

Tadqiqotga ko‘ra, foydalanuvchilarning kriptoplatformaga ishonch bildirishida uning O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq rasmiy faoliyat yuritishi ham muhim rol o‘ynaydi.

Chuqurlashtirilgan suhbatlarda qatnashganlarning aksariyati qonuniy va tartibga solinadigan faoliyatni platformaga bo‘lgan ishonchning asosiy shartlaridan biri deb atagan.

Binance xulosasiga ko‘ra, bozorning keyingi bosqichi kriptoaktivlarga mavjud qiziqishni kengroq amaliy foydalanishga aylantirish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Buning uchun moliyaviy savodxonlik, foydalanish qulayligi, mahalliy to‘lov yechimlari va tartibga solinadigan infratuzilmaga ishonchni birgalikda rivojlantirish muhim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bitkoin qariyb olti oy ichidagi eng yuqori sur’atda o‘sgani haqida ma’lumot berilgandi.

Shuningdek