Piskom daryosidan ham jasad topildi

eʼlon qilindi
30 yoshli fuqaro 26-avgust kuni cho‘kib ketgan
Foto: FVV

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Piskom daryosida 26-avgust kuni cho‘kib ketgan 30 yoshli fuqaroning jasadi topildi. FVV g‘avvoslari uning jasadini 10-sentabr kuni soat 09:50 da aniqlagan. Bu haqda vazirlikning telegram kanalida xabar berildi. 

Fuqaro SUP-doskada sayr vaqtida cho‘kib ketgan

Baxtsiz hodisa 26-avgust kuni Piskom daryosida sodir bo‘lgan. Qibray tumanida yashovchi 30 yoshli fuqaro bir guruh tanishlari bilan daryoga SUP-doskada sayr qilish uchun kelgan.

Sayr vaqtida fuqaro boshqaruvni yo‘qotib, qoyali qirg‘oqqa urilgan va suvga tushib ketgan. U qutqaruv nimchasini kiymagani sababli kuchli suv oqimi tomonidan suv ostiga tortib ketilgan.

Qidiruv 15 kun davom etdi

Hodisa ortidan cho‘kib ketgan fuqaroni qidirish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi g‘avvoslari jalb etilgan.

Qutqaruvchilar 26-avgustdan buyon Piskom daryosida faol qidiruv ishlarini olib bordi. 10-sentabr kuni soat 09:50 da fuqaroning jasadi g‘avvoslar tomonidan topildi.

FVV suvda xavfsizlikka chaqirdi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolarni suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

Xususan, faqat cho‘milish uchun maxsus ajratilgan joylardan foydalanish, kichik hajmli kemalarda harakatlanish vaqtida esa qutqaruv nimchasini kiyish zarurligi eslatildi.

Avvalroq Chorvoq suv omborida 2-sentabr kuni cho‘kib ketgan uch nafar fuqaroning jasadi topilgandi. 

Shuningdek