Savodsiz avlod shakllanishi mumkin — yangi alifbo haqida jamoatchilik qanday fikrda

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarni o‘rgandi
Новые буквы, старая проблема: вопрос алфавита снова в центре внимания
Foto: Kursiv Uzbekistan

Senat lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlarni ma’qullagach, ijtimoiy tarmoqlarda qaror yuzasidan faol muhokamalar boshlandi. Foydalanuvchilar, asosan, darsliklarning turli vaqtda yangilanishi, o‘quvchilarning bir necha yozuv variantiga duch kelishi, alifboning barqarorligi hamda o‘zgarishlarning amaliy zarurati haqida savollar bermoqda.

Yangi tahrirga ko‘ra, amaldagi 26 ta harf va 3 ta harf birikmasi o‘rniga 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat alifbo joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Senat qaroridan keyin ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda ham o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlovchi, ham ularga qarshi bo‘lgan fikrlar paydo bo‘ldi. Biroq kuzatilgan izohlarning katta qismi aynan o‘tish jarayoni qanday tashkil etilishiga qaratilgan. Kursiv Uzbekistan ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarni o‘rgandi.

«Bir o‘quvchi bir necha xil alifbodagi darslik»

Eng ko‘p ko‘tarilayotgan masalalardan biri — maktab darsliklari. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi alifboga o‘tish 2027–2031-yillarda darsliklarning odatiy yangilanish sikli doirasida amalga oshiriladi. Birinchi sinf darsliklari har yili, 2–4-sinflarniki uch yilda, 5–11-sinflarniki esa besh yilda bir marta yangilanadi.

Aynan shu tartib jamoatchilikda savol tug‘dirdi. «Profi» xususiy ta’lim muassasalari tarmog‘i asoschisi Bektosh Hatamovning fikricha, agar turli sinf darsliklari bir vaqtda almashtirilmasa, bir o‘quvchi boshlang‘ich sinflarning o‘zidayoq eski va yangi yozuvdagi kitoblarga duch kelishi mumkin.

«Birinchi sinfga chiqdingiz, alifboni o‘tishdi, alifbe bayrami qildingiz, unda siz Sh harfi bo‘lib qatnashdingiz, o‘rtog‘ingiz Ch bo‘ldi. Ikkinchi sinf darsliklari yangi chiqqan, ular keyingi yilga ham o‘zgarmaydi, keyingi yil ham o‘sha o‘zingiz o‘rgangan alifboda dars o‘tdingiz, darsliklarni ham savod chiqargan alifboda o‘qidingiz. Uchinchi sinfga o‘tganingida esa uchinchi sinf darsliklari yaroqsiz holatga kelgani uchun almashtirildi, shundoq qarasangiz, siz o‘rgangan, savodingiz chiqqan Ch – Ç bo‘lib qolibdi, eyaya bu qanaqasi bo‘ldi, bizga boshqcha o‘tilgan edi-ku deb boshingizni qashib qolaverdingiz. To‘rtinchi sinf darsliklari esa hali yaroqlilik muddati tugamagan, to‘rtinchi sinfga kelganingizda yana o‘sha o‘zingiz o‘qigan Sh harfidagi darsliklar. Beshinchi sinfda esa yana yangi darsliklar, yana Õ, Ç, Ş kelib turibdi-yu…

Mayli endi, bo‘lar ish bo‘ldi, nima ham dermiz? Bu hammasi shunchaki tarix uchun yozib qo‘yiladigan gaplar», — deya fikr bildirgan u.

Ta’lim bo‘yicha mutaxassis Komil Jalilov mazkur «islohotlar» negizida darsliklar lobbisi borligiga ishora qildi.

«O‘zi, uzr-ku, lekin shu «islohot»ning tagida darsliklar lobbisi yotmaganiga ishonish juda qiyin bo’lyapti. O‘, g‘ ku o’z yo‘liga, sh va ch ni almashtirishga hech ham zarurat yo’q edi».

«Yangi darsliklar hali yetib kelmagan maktablar bor»

Tarmoqlarda ayrim o‘qituvchi va ota-onalar mavjud darsliklarning o‘zi hali barcha maktablarga to‘liq yetib bormaganiga e’tibor qaratgan.

Masalan, foydalanuvchilardan biri 7-sinf kimyo fanining yangi darsligi ayrim maktablarda hali mavjud emasligini yozib, alifbo yangilanishidan keyin yana yangi kitoblar kerak bo‘lishini tanqid qilgan.

«Oldin darsliklar yetib kelsin. Eski darslikda dars o‘tib yuribmiz», — deyiladi izohlardan birida.

Vazirlik esa darsliklar 2027–2031-yillarda reja asosida qayta nashr qilinishi sababli yangi alifboga o‘tish uchun alohida qo‘shimcha mablag‘ talab etilmasligini bildirdi.

Alifboning tez-tez o‘zgarishi ham tanqid qilindi

Ijtimoiy tarmoqlardagi yana bir keng tarqalgan fikr — yozuvning barqaror bo‘lishi kerakligi haqida. Foydalanuvchilardan biri:

«Alifbo va yozuv barqaror va izchil bo‘lmasa, savodsiz avlod shakllanishi mumkin», — deb yozgan.

Yana bir izohda esa «har safar yangi avlod yangi yozuvga moslashishga majbur bo‘layotgani» tanqid qilingan.

Jurnalist va jamoatchilik faoli Muhrim A’zamxo‘jayev kirilldan lotinga o‘tish jarayonini hali to‘liq yakunlamagan bir paytda lotin alifbosiga yana o‘zgartirish kiritilishi ortiqcha murakkablik tug‘dirishini ta’kidladi.

«35 yil qila olmagan ishlarini endi qila olisharmish. Ishqilib, alifboni qo‘ya turaylik — o‘zbek tili to‘liq davlat tili bo‘lib ulgurdi-ya? To‘liq, barcha sohalarda, barcha bo‘g‘inlarda, barcha idoralarda, barcha kabinetlarda davlat tiliga aylandi-a o‘zbek tili? Davlat ishlari to‘liq davlat tilida olib borilyapti, yuritilyapti, e’lon qilinyapti, to‘g‘rimi? Agar shu ish rostan ham uddalangan bo‘lsa, unda, ha, balki endi alifboni ham yagona qila olishar. Barcha davlat organlari, davlat nashrlari kirill alifbosidan voz kechishni boshlaganini ko‘rsam, o, ana, eplashyapti, qilsa bo‘lar ekan-ku, deb qo‘yaman, albatta», — deydi u.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov ham ushbu fikrni qo‘llab-quvvatlab, yangi alifboda yozishni hech kim xohlamasligi mumkinligini bildirdi.

«Hali ham, 35 yildan beri kirill alifbosidan foydalanib kelinyapti. Buni eng oliy minbarlarda ham aytishyapti. Chunki bu haqiqat. Meni shaxsiy fikrim va balki tavsiyam. Kiril alifbosidagi O‘zbek tili asosiy yozish usuli bo‘lib qoladi. Oxirgi 5-10 yilda kiril alifbosi ancha kamayayotgan edi. Ayrim OAVlar hatto lotinga o‘tgan edi. Bir xil davlat idoralari ham. Endi unday bo‘lmasa kerak.

Demak, kirilchada o‘zbekcha yozishni o‘rganishni boshlash kerak — bilmaganlarga. Yangi lotincha yozuv esa xo‘ja ko‘rsinga qilinadi. Chunki unda hech kim yozishni va muhimi o‘qishni qulay deb bilmaydi. Balki 2031-yilda maktabga kirganlar, 15-20 yildan keyin, taxminan 35 yildan keyin ulg‘ayishsa, ular yangi lotinda yozishni boshlashar», — deydi u.

Shuningdek, o‘qing: Yangi harflar, eski muammo: alifbo masalasi yana muhokama markazida

Darsliklar bilan bog‘liq manfaatlar

Muhokamalarda darsliklarni qayta nashr qilishdan ayrim noshirlar yoki boshqa tomonlar manfaatdor bo‘lishi mumkinligi haqida ham taxminlar bildirildi. Bektosh Hatamov bu bo‘yicha quyidagicha fikr bildirgan:

«Darslikni monopol qilganlar yana o‘z niyatlariga yetgan ko‘rinadi. Senat ham ha deb ma’qullab qo‘yaverar ekan-da. Yangidan yangi O‘zbekiston davriga kelib «bu qilgan ishimiz xato bo‘lgan edi, o‘sha davrdagi muttahamlar, kalamushlar shunday qilishga majbur qilishgan edi, endi yana o‘zuvuzani eski alifbomizga qaytishimiz kerak» deb qolishmasa bo‘ldi edi. Yana bir chalasavod avlod barchamizga muborak bo‘lsin deb qolamiz-da, boshqa nima ham der edik, hammasini vaqt ko‘rsatadi».

Jamoatchilik fikri inobatga olinganmi

Ayrim izohlarda tarmoq foydalanuvchilari alifbo islohoti oldidan jamoatchilik fikri qay darajada hisobga olingani ham so‘ralgan.

«Jamoatchilik fikrini inobatga olmasa, nima qilarkan jamoatchilikka tashlab?» — deb yozgan foydalanuvchilardan biri.

Boshqalar esa o‘zgarishlar kuchga kirishidan oldin kengroq tushuntirish, tilshunoslar, o‘qituvchilar va ota-onalar bilan ochiq muhokamalar o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlamoqda.

Rasmiylar o‘tish bosqichma-bosqich bo‘lishini aytmoqda

Qonunda amaldagi yozuvda tayyorlangan hujjatlar, davlat ramzlari, peshlavhalar va boshqa materiallarni darhol almashtirish talab qilinmaydi.

Maktab darsliklari ham bir vaqtda emas, 2027–2031-yillar davomida yangilanadi. Birinchi sinflar yangi alifboga avval o‘tadi, yuqori sinf darsliklari esa o‘zining belgilangan qayta nashr qilish muddati kelishi bilan almashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» turkiy xalqlar uchun yagona alifbo joriy etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek