Surxondaryodan 3,5 ming yillik qabriston topildi

Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida aniqlangan Ozod yodgorligida 3,5 ming yil avvalgi qabrlardan iborat qadimiy qabriston o‘rganilmoqda. Dastlabki tadqiqotlar yodgorlik Sopolli madaniyatiga xos ekanini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Ozod yodgorligi 2023-yilda aniqlangan
Arxeologik qazuv-tadqiqot ishlari Y. G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti hamda Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universiteti Ipak yo‘li arxeologiyasi tadqiqot markazi hamkorligida olib borilmoqda.
Tadqiqotlar 2026-yil 15-avgustda boshlangan. Ozod yodgorligi 2023-yilda Surxondaryo havzasining sharqiy qismida o‘tkazilgan dala-qidiruv ishlari davomida aniqlangan.
Yodgorlik Ozod qishlog‘ining janubi-sharqida, Dalvarzintepa yodgorligidan qariyb 6 kilometr janubi-sharqda joylashgan.
Yodgorlikda 100 ga yaqin qabr bor
Maydoni taxminan 200×100 metr bo‘lgan hududda 100 ga yaqin qabr mavjudligi aniqlangan.
Ayni yilda yodgorlikning janubi-g‘arbiy qismidagi 10 dan ortiq qabrda arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda. Dastlabki natijalarga ko‘ra, qabrlarning tuzilishi va ulardan topilgan arxeologik ashyolar Sopolli madaniyati yodgorliklariga xos.

Radiokarbon tahlillari va topilmalarning qiyosiy-tipologik o‘rganilishi yodgorlikni miloddan avvalgi 1700–1500-yillarga taalluqli ekanini ko‘rsatmoqda.
Yodgorlik qadimgi dafn an’analarini o‘rganishga yordam beradi
Mutaxassislar Ozod yodgorligini Surxondaryo havzasida aniqlangan eng qadimgi qabristonlardan biri sifatida baholamoqda.
Yodgorlikdagi tadqiqotlar mintaqada qadimgi dafn an’analari qanday shakllangani va rivojlanganini o‘rganishda muhim ilmiy ahamiyatga ega.
Ayni paytda arxeologik qazuv va dala-tadqiqot ishlari davom etmoqda.
Avvalroq Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi «Boburtepa» arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida qadimiy bino qoldiqlari va noyob devoriy surat namunasi topilgandi.