Temir braslet yutishga majburlangan o‘quvchi yuzasidan maktab bayonot berdi

Toshkentning Yashnobod tumanidagi 151-maktabda 3-sinf o‘quvchisi og‘ziga solingan metall buyum sabab shifoxonaga yotqizilganidan sal o‘tib, maktab holat yuzasidan o‘z izohini bildirdi. Bayonot ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Maktab o‘quvchilarga «yorliq yopishtirmaslikka» chaqirdi
Bayonotda maktabda «oddiy, mehribon va tarbiyali bolalar» tahsil olayotgani, ular ta’lim olish, do‘stlashish va o‘zlarini xavfsiz his qilish uchun maktabga kelishi ta’kidlangan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim o‘quvchilarni barcha holatlar o‘rganilmasdan «retsidivist» deb atash va ularga turli yorliqlar yopishtirish noto‘g‘ri ekani qayd etilgan.
«Har bir bolaning ortida uning oilasi, fe’l-atvori, kechinmalari va umidlari bor», – deyiladi maktab kanalida e’lon qilingan bayonotda.
Bayonot tanqidlarga sabab bo‘ldi
Mazkur matn ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tanqid qilindi. Ularning fikricha, bayonotda jabrlangan bolaning holatidan ko‘ra voqeaga aloqador boshqa o‘quvchilarni himoya qilishga ko‘proq urg‘u berilgan.
«Ta’sirli ota-onalar» haqidagi da’vo tasdiqlanmagan
Ijtimoiy tarmoqlarda hodisaga aloqador o‘quvchilarning ota-onalari yuqori mavqega ega bo‘lishi mumkinligi haqida ham taxminlar ilgari surildi. Ayrim mualliflar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning voqeaga munosabatini ham shu taxmin bilan bog‘lamoqda.
Shu bilan birga, hozircha bunday da’volarni tasdiqlovchi rasmiy ma’lumot mavjud emas. Shu sababli o‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning mansabi haqida aniq xulosa chiqarish uchun yetarli asos yo‘q.
Avvalroq «Kursiv» yuqoridagi holat maktab hojatxonasida sodir bo‘lgani haqida yozgan edi.