Toshkentning 10 ta modernizm obyekti UNESCO merosiga kiritildi

Toshkentning 10 ta muhim modernizm me’morchiligi obyekti UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Shu tariqa O‘zbekiston Markaziy Osiyo va MDHda XX asr modernizmi me’moriy merosi UNESCO maqomiga ega bo‘lgan birinchi davlatga aylandi. Bu haqda 10-sentabr prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan taqdimotda so‘z boradi.
Toshkentning 10 ta obyekti xalqaro maqom oldi
Mazkur qaror UNESCO Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida qabul qilingan. «Toshkentning modernizm me’morchiligi: Markaziy Osiyo zamonaviyligi va an’analari» milliy nominatsiyasi doirasida poytaxtdagi 10 ta muhim obyekt ro‘yxatga kiritilgan.
Bu O‘zbekistonning so‘nggi 25 yil ichida UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ilk milliy nominatsiyasi bo‘ldi.
«Quyosh» geliomajmuasi ham saqlab qolindi
Taqdimotda qayd etilishicha, faol siyosiy-diplomatik ishlar natijasida «Quyosh» geliomajmuasi ham Butunjahon merosi obyekti tarkibida saqlab qolingan.
Yangi xalqaro maqom Toshkentdagi modernizm me’morchiligini asrab-avaylash va ilmiy o‘rganish, madaniy turizmni rivojlantirish hamda xalqaro ekspertlarni jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Shu munosabat bilan poytaxt modernizm me’morchiligini asrash va targ‘ib qilish bo‘yicha 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Surxondaryoning Sho‘rchi tumanidagi Ozod yodgorligida miloddan avvalgi 1700–1500-yillarga oid bo‘lishi mumkin bo‘lgan qadimiy qabristonda arxeologik tadqiqotlar olib borilayotgani haqida xabar berilgandi.