Tramp Eron bilan urush qachon tugashini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan davom etayotgan urush 3-noyabrda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlardan oldin yakunlanmasligi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, mojaro saylovlardan so‘ng tezda tugashi, shundan keyin neft narxlari ham pasayishi mumkin.
Tramp bu fikrlarni Texasga, Respublikachilar partiyasining oraliq saylovlar oldidan o‘tkazilayotgan anjumaniga yo‘l olayotganida bildirdi. AQSh prezidenti ayni paytda so‘rovnomalardagi reytingi pasayishi va Eron bilan urushni tezroq yakunlash bo‘yicha o‘z partiyasi ichidagi bosimga duch kelmoqda.
Tramp urush saylovlardan keyin tugashini kutmoqda
Trampning aytishicha, Eron hozirgi vaziyatni uzoq davom ettira olmaydi va urush oraliq saylovlardan so‘ng yakunlanishi mumkin.
«Menimcha, urush saylovlardan keyin darhol tugaydi, chunki ular bundan ortiq bardosh bera olmaydi», – dedi AQSh prezidenti.
U neft narxlari ham saylovlardan so‘ng pasayishini prognoz qildi. Trampning fikricha, buning uchun oraliq saylovlar o‘tkazilgandan keyin biroz vaqt talab qilinishi mumkin.
Chorshanba kuni Yaqin Sharqdagi jangovar harakatlarning kuchayishi fonida Brent nefti narxi iyul oyidan buyon birinchi marta bir barrel uchun $100 dan oshdi.
Eron saylovlarga ta’sir qilishga urinmoqda
AQSh prezidenti Eron noyabrdagi saylovlar natijasiga ta’sir ko‘rsatishga urinayotganini ham da’vo qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron AQShda «zaif» siyosiy kuchlarning hokimiyatga kelishidan manfaatdor.
Biroq Tramp bu da’vosini tasdiqlovchi dalillarni keltirmadi. Eron rasmiylari esa mamlakat yadroviy qurol yaratishga intilayotgani haqidagi ayblovlarni bir necha bor rad etgan.
Avvalroq «Kursiv» Tramp Kanadaga qarshi 50 foizlik boj va import taqiqini joriy etgani haqida yozgan edi.