UzAuto Motors birinchi Chevrolet gibrid avtomobilini sotadi

10-sentabr 2026 10:23 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
UzAuto Motors birinchi Chevrolet gibrid avtomobilini sotadi
Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors O‘zbekistonda Chevrolet brendining ilk gibrid avtomobili – Chevrolet Equinox PHEV krossoveri sotuvga chiqarilishini e’lon qildi. Model xaridorlarga Activ 80KM va Activ 120KM komplektatsiyalarida taklif etiladi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi krossover kundalik qatnovlarda, asosan, elektr energiyasidan foydalanish, uzoq masofalarga safarlarda esa benzin dvigatelini ishga tushirish imkonini beruvchi PHEV – tashqi manbadan quvvatlanadigan gibrid tizim bilan jihozlangan.

Elektrda 120 kmgacha yuradi

Chevrolet Equinox PHEV komplektatsiyasiga qarab litiy-temir-fosfat batareyasi bilan jihozlanadi. Activ 80KM versiyasi faqat elektr quvvatida 80 kmgacha, Activ 120KM esa 120 kmgacha masofani bosib o‘tishi mumkin.

Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors ma’lumotiga ko‘ra, batareya to‘liq quvvatlangan va yonilg‘i baki to‘ldirilgan holatda avtomobilning umumiy yurish zaxirasi 1 000 kmdan oshadi.

Kompaniya taqdim qilgan ma’lumotda batareya sig‘imi 7 kVt/soat yoki 24 kVt/soat deb ko‘rsatilgan. Bu ko‘rsatkich komplektatsiyaga qarab farqlanishi qayd etilgan.

1,5 litrli turbo dvigatel va 188 ot kuchli elektromotor

Equinox PHEV’ning quvvat tizimi 1,5 litrli turbinali benzin dvigateli, 188 ot kuchiga ega elektromotor hamda ikki pog‘onali, ikki muftali gibrid uzatmalar qutisini birlashtiradi.

Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, bunday tizim yonilg‘i sarfini kamaytirish bilan birga tezlanish dinamikasi va ravon harakatlanishni ta’minlashga qaratilgan.

Foto: UzAuto Motors

Modelda kundalik shahardagi qatnovlarni elektr quvvatida amalga oshirish, uzoq safarlarda esa ichki yonuv dvigatelidan foydalanish imkoniyati mavjud.

360 darajali kamera va haydovchiga yordam tizimlari bor

Chevrolet Equinox PHEV haydovchiga yordam beruvchi bir qator tizimlar bilan jihozlangan. Ular orasida kruiz-nazorat, avtomatik favqulodda tormozlash, harakatlanish yo‘lagida ushlab turishga yordam berish va ko‘rinmaydigan hududlarni nazorat qilish funksiyalari mavjud.

Shuningdek, avtomobilda 360 darajali atrofni ko‘rish kamerasi va haydovchi hamda yo‘lovchilar xavfsizligini oshirishga mo‘ljallangan boshqa elektron tizimlar ko‘zda tutilgan.

Salonda ikkita 11 dyuymli ekran mavjud

Foto: UzAuto Motors

Krossover salonida 11 dyuymli raqamli asboblar paneli va 11 dyuymli sensorli multimedia ekrani o‘rnatilgan.

Model Apple CarPlay tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, simsiz quvvatlash, panoramali lyuk, isitiladigan va shamollatiladigan old o‘rindiqlar ham mavjud.

UzAuto Motors modelni elektr avtomobilining tejamkorligi va ichki yonuv dvigatelli avtomobilning uzoq masofaga harakatlanish imkoniyatini birlashtiruvchi krossover sifatida taqdim etmoqda.

Chevrolet Equinox PHEV narxi 463,5 mln so‘mdan boshlanadi

Chevrolet Equinox PHEV Activ 80KM komplektatsiyasining tavsiya qilingan chakana narxi 463,5 mln so‘m etib belgilangan.

Uzoqroq elektr yurish zaxirasiga ega Activ 120KM versiyasi esa 478,5 mln so‘mdan taklif qilinadi. Ikki komplektatsiya o‘rtasidagi narx farqi 15 mln so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet yana bir avtomobiliga chegirma e’lon qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek