Aleksandar Vuchich qachon prezidentlikdan ketishini aytdi

Serbiya prezidenti Aleksandar Vuchich sentabr oyida prezidentlik lavozimini tark etishini ma’lum qildi. U iste’foga chiqqanidan keyin ham siyosiy faoliyatini davom ettirishini bildirgan. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Prezidentlikdan ketadi, siyosatda qoladi
Vuchich iste’foga chiqish sanasini sentabr oyida amalga oshirishi kutilayotgan bir qator xalqaro uchrashuv va tashriflardan keyin belgilashini aytgan. U prezidentlik lavozimini tark etishi siyosatdan butunlay ketishini anglatmasligini ta’kidlagan.
Serbiya prezidenti mamlakatda muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishini ham e’lon qilgan. Saylovlar 25-oktabrga belgilangan.
Serbiya qonunchiligiga ko‘ra, prezident lavozimi muddatidan oldin bo‘shatilgan taqdirda mamlakatda yangi prezident saylovi o‘tkazilishi kerak. Vuchich esa keyingi siyosiy jarayonlarda boshqa lavozimda ishtirok etishi mumkinligini bildirgan.
Vuchich bosh vazirlikka da’vogarlik qilishi mumkin
Aleksandar Vuchich Serbiya siyosatida o‘n yildan ortiq vaqt davomida yetakchi mavqeni egallab kelmoqda. U avval bosh vazir, keyinchalik esa prezident sifatida mamlakatni boshqargan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Vuchich yana bir prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘ya olmaydi. Shunga qaramay, u kelgusida bosh vazir lavozimiga da’vogarlik qilish niyatida ekanini bildirgan.
Avvalroq Serbiya prezidenti Aleksandar Vuchich parlamentni tarqatib yuborib, mamlakatda muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.