iQOO 16 golografik dizayn va 2K ekran bilan chiqadi

11-sentabr 2026 10:05 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
iQOO 16 golografik dizayn va 2K ekran bilan chiqadi
Foto: iQOO

iQOO kompaniyasi tomonidan yangi flagman smartfoni iQOO 16 dizaynini namoyish qilindi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.

Qurilma Chasing Light nomli yangi rangda golografik orqa panelga ega bo‘ladi. Smartfonning rasmiy taqdimoti 2026-yil sentabr oyida o‘tkazilishi kutilmoqda.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, orqa panel sanoatda ilk bor qo‘llanayotgan lazerli golografik vizualizatsiya texnologiyasi yordamida yaratilgan. To‘rtta texnologik jarayon natijasida korpus yuzasida hajmli yorug‘lik effekti hosil bo‘ladi. Smartfonni turli burchakdan ko‘rganda qizil golografik naqshlar ko‘k yorug‘lik chiziqlari bilan uyg‘unlashib, panel ko‘rinishini o‘zgartirib turadi.

Kamera bloki kosmik kema illyuminatoridan ilhomlangan

iQOO 16 kameralar bloki ham noodatiy dizaynda ishlangan. Ishlab chiqaruvchi uning ko‘rinishini kosmik kemaning illyuminatoridan ilhomlanib yaratgan.

Uchta kamera yagona mexanik element orqali birlashtirilgan. Modul olti burchakli naqsh ustiga joylashtirilgan va shaffof oynali qoplama bilan himoyalangan.

Chasing Light rangidan tashqari, smartfon Track va Legend variantlarida ham sotilishi kutilmoqda.

Shuningdek, o‘qing: Samsung Galaxy S26 va S26 Ultra’ning tiklangan versiyalarini sotuvga chiqardi

Samsung’ning yangi 2K ekrani qo‘llanadi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, iQOO 16 6,85 dyuymli 2K Samsung displeyiga ega bo‘ladi. Ekranning yangilanish chastotasi 165 Gts gacha yetishi aytilmoqda.

Model Samsung’ning yangi M16 lyuminessent materialidan foydalanadigan ilk qurilma bo‘lishi kutilmoqda. Ishlab chiqaruvchi ushbu panelni Samsung tarixidagi eng yaxshi 2K displeylardan biri sifatida taqdim etmoqda.

O‘yinlarda tasvir va ishlash tezligini yaxshilash uchun smartfonga alohida Q4 chipi ham o‘rnatilishi kutilmoqda.

Batareya sig‘imi 8400 mA/soatga yetishi mumkin

iQOO 16’ning yana bir muhim jihati katta sig‘imli akkumulyator bo‘lishi mumkin. Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, qurilma 8400 mA/soatli batareya bilan jihozlanadi.

Smartfon IP68 va IP69 standartlari bo‘yicha suv hamda changdan himoyalanishi ham kutilmoqda. Eng yuqori konfiguratsiyada 16 GB tezkor xotira va 1 TB ichki xotira taklif qilinishi mumkin.

Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro kutilmoqda

iQOO 16 Qualcomm’ning yangi Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro flagman platformasida ishlaydigan dastlabki smartfonlardan biri bo‘lishi mumkin.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, chip TSMC’ning 2 nanometrli texnologik jarayoni asosida ishlab chiqariladi. Biroq protsessor bo‘yicha yakuniy texnik ma’lumotlar hali rasman tasdiqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri iQOO 15 000 mA/soat batareyali X konseptini namoyish qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek