
Javohir Sindarov va qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisara Assaubayeva ishtirok etayotgan «FYERS American Gambits» jamoasi Tech Mahindra Global Chess League-2026 turnirida yakka peshqadamlikni boy berdi. Musobaqa Hindistonning Bengaluru shahrida o‘tkazilmoqda.
Sakkiz turdan so‘ng «FYERS American Gambits» 15 ochko jamg‘arib, «Alpine APL Pipers» va «Ganges Grandmasters» bilan birgalikda birinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. Biroq qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Sindarov jamoasi peshqadamdan ortda qolmoqda.
Sindarov Nepomnyashchiyni mag‘lub etdi
Sakkizinchi turda «FYERS American Gambits» «Ganges Grandmasters» ustidan 13:5 hisobida yirik g‘alabaga erishdi.
Birinchi taxtada qora donalarda o‘ynagan Javohir Sindarov rossiyalik grossmeyster Yan Nepomnyashchiyni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
Bibisara Asaubayeva ham jamoasiga muhim ochkolar keltirdi. U rossiyalik Polina Shuvalovadan avvalgi mag‘lubiyati uchun revansh olib, 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuv yakunida Asaubayeva bahsning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi.
Guruh bosqichi yakunlanishiga har bir jamoa uchun yana ikki tur qoldi. Tech Mahindra Global Chess League-2026 turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi $1 mlnni tashkil etadi.
Avvalroq «Kursiv» Javohir Sindarov Hindistonda yirik g‘alaba qozongani haqida yozgan edi.