Jazoir BAA bilan diplomatik aloqalarni uzdi

eʼlon qilindi
Jazoir avval ham BAAni Liviya, Mali va Sudandagi jarayonlarga aralashish hamda ushbu mamlakatlardagi beqarorlikka hissa qo‘shishda ayblagan
Jazoir BAA bilan diplomatik aloqalarni uzdi
Foto: Pexels

Jazoir Birlashgan Arab Amirliklari bilan diplomatik munosabatlarni uzganini e’lon qildi va mamlakat havo hududi juma kunidan BAA uchun yopiladi. Bu haqda DW yozmoqda.

Mamlakat rasmiylari Abu-Dabini Shimoliy Afrika va Sahel mintaqasidagi vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan harakatlarda ayblamoqda.

BAA elchisiga 48 soat muddat berildi

Jazoir Tashqi ishlar vazirligi qaror ikki tomonlama munosabatlarni saqlab qolish uchun mavjud imkoniyatlar tugaganidan keyin qabul qilinganini bildirdi.

Rasmiy Jazoir BAAni «provokatsion va dushmanona harakatlar»da ayblab, Abu-Dabining xatti-harakatlari endi «qabul qilib bo‘lmaydigan darajaga yetganini» ma’lum qildi.

BAAning Jazoirdagi elchisiga diplomatik aloqalar uzilishi munosabati bilan mamlakatni tark etish uchun 48 soat vaqt berildi.

BAA Tashqi ishlar vazirligi esa Jazoir qarori vaqtinchalik bo‘lishiga umid bildirdi. Amirliklar ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni saqlab qolish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat nimadan boshlandi

Jazoir va BAA o‘rtasidagi munosabatlar bir necha yildan beri Abu-Dabining Shimoliy va G‘arbiy Afrikadagi ta’siri ortib borayotgani fonida yomonlashib kelayotgandi.

Jazoir avval ham BAAni Liviya, Mali va Sudandagi jarayonlarga aralashish hamda ushbu mamlakatlardagi beqarorlikka hissa qo‘shishda ayblagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jazoir O‘zbekistonga yangi elchi yuborgani haqida yozgan edi.

Shuningdek