
SAIC tarkibidagi MG brendi yangi MG 07 avtomobili Xitoy bozorida sotuvga chiqqanidan 20 kun o‘tib, 42 mingdan ortiq tasdiqlangan buyurtma olganini ma’lum qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Model 21-avgust kuni Chengdu avtosalonida taqdim etilgan bo‘lib, dastlabki 1 daqiqa 57 soniyaning o‘zida 10 mingta buyurtma yig‘gan.
Narxi $15,8 mingdan boshlanadi
MG 07’ning rasmiy narxi 108,9 ming yuandan 159,9 ming yuangacha, ya’ni taxminan $16,2 mingdan $23,8 minggacha belgilangan. 30-sentabrgacha amal qiladigan start subsidiyasi hisobiga avtomobilning amaldagi narxi 105,9 ming yuandan 156,9 ming yuangacha — taxminan $15,8–23,4 ming oralig‘ida bo‘ladi.

Gibrid versiya 1 745 kmgacha yo‘l bosadi
MG 07 ikki xil kuch qurilmasida taklif etiladi: plug-in gibrid va to‘liq elektr.
PHEV versiyasi 1,5 litrli 110 ot kuchiga ega benzin dvigateli, 204 ot kuchili elektromotor va 30 kVt·soat sig‘imli CATL LFP batareyasi bilan jihozlangan.
Faqat elektrda yurish zaxirasi CLTC sikli bo‘yicha 245 kmni tashkil etadi. Ishlab chiqaruvchi gibrid rejimdagi umumiy yurish masofasini 1 745 km deb ko‘rsatmoqda.
Elektr versiyalarida 845 kmgacha zaxira bor
400 voltli elektr MG 07 versiyalari 236 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan. Ularda 67 kVt·soat sig‘imli Qingtao batareyasi qo‘llanadi.
Komplektatsiyaga qarab yurish zaxirasi CLTC bo‘yicha 610 yoki 650 kmni tashkil etadi. 610 kmli versiyada yarim qattiq holatdagi batareya elementlaridan foydalaniladi.
Uzoq masofaga mo‘ljallangan versiya esa 800 voltli kremniy-karbid elektr arxitekturasiga ega. U 315 ot kuchili elektromotor va 91 kVt·soatli CATL batareyasi bilan jihozlangan.
Mazkur modifikatsiya bir quvvatlashda CLTC bo‘yicha 845 kmgacha yo‘l bosishi va 5C tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» MG 07 gibrid avtomobili namoyish qilingani haqida yozgan edi.