Mirziyoyev Seulga boradi: Janubiy Koreya MO rahbarlarini yig‘yapti

eʼlon qilindi
Li Jje Myon Seulda Markaziy Osiyoning besh rahbarini umumiy sammitga yig‘adi
Foto: prezident matbuot xizmati

Janubiy Koreya prezidenti Li Jje Myon kelasi hafta Seulda Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlarini birinchi marta umumiy sammitga yig‘adi. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi. Muzokaralarda savdo, investitsiya, energetika, muhim minerallar va ta’minot zanjirlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Mirziyoyev bilan alohida uchrashuv o‘tkaziladi

Janubiy Koreya prezidenti 14 – 16-sentabr kunlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari bilan alohida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.

Shundan so‘ng 17-sentabr kuni besh davlat rahbari ishtirokida umumiy sammit tashkil etiladi.

Janubiy Koreya prezidenti Li Jje Myonning aytishicha, uchrashuv Seul va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarni rahbarlar darajasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik tizimiga olib chiqishga xizmat qiladi.

Savdo va investitsiyalar asosiy mavzuga aylanadi

Sammitda Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Kun tartibidan savdo va investitsiyalar bilan bir qatorda energetika, muhim minerallar, infratuzilma hamda global ta’minot zanjirlarini mustahkamlash masalalari ham o‘rin olgan.

Bu yo‘nalishlar O‘zbekiston uchun ham muhim ahamiyatga ega. Seul Markaziy Osiyoni tabiiy resurslar, yangi investitsiya loyihalari va logistika imkoniyatlari nuqtayi nazaridan strategik hamkor sifatida ko‘rmoqda.

Seul Markaziy Osiyoga e’tiborni kuchaytirmoqda

Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy va energetik aloqalarni chuqurlashtirish siyosati avvalgi prezident Mun Chje In davrida ilgari surilgan «Yangi Shimoliy siyosat» doirasida boshlangan.

Yangi sammit ushbu yo‘nalishga yangi turtki berishi kutilmoqda. Li Jje Myonning ta’kidlashicha, sammit Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

Avvalroq O‘zbekiston yetakchisi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali suhbatlashgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek