Mirziyoyev va Pashinyan savdoni rivojlantirishni muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Tomonlar sanoat kooperatsiyasi va transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqiladi
Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarni, xususan, savdo-iqtisodiyot va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish muhimligini qayd etdi.
Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz bog‘lanadi
Muloqotda transport va logistika masalalariga ham e’tibor qaratildi. Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqalarini bog‘laydigan transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish orqali davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Bu yo‘nalish O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda yangi savdo imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi mumkin.
Pashinyanning tinchlik bo‘yicha sa’y-harakatlari baholandi
O‘zbekiston prezidenti mintaqaviy barqarorlik va izchil taraqqiyot uchun mustahkam asos bo‘ladigan Tinchlik shartnomasini tez fursatda imzolash borasidagi sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
Shuningdek, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham muhokama qilindi. Bunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasidagi hamkorlik masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Vyetnamning ROX Group kompaniyasi rahbari asoschisi An Tuan Chan bilan uchrashgan edi.